Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot xabarlari – qisqa satrlarda
17:54 / 2024-09-06

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Rossiyaning «SmolMedPreparatы» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar chog‘ida kompaniya vakillari O‘zbekistonda tuberkulyoz va onkologiyaga qarshi dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qator takliflar bildirdi.

Agentlik direktori mamlakatimiz farmatsevtika sohasida yaratilgan sharoitlar hamda investorlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik istiqbollarini chuqur o‘rganish va O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalarni ko‘zdan kechirishga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, «SmolMedPreparatы» Rossiyaning yuqori sifatli va barcha talablarga javob beruvchi dori vositalarini ishlab chiqaruvchi farmatsevtika kompaniyasidir.

***

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi Ijro etuvchi apparati ishchi guruh a’zolari tomonidan Namangan viloyati Norin tuman tibbiyot birlashmasida SSV buyruqlarining ijrosi va davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etishga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.

Unda elektron poliklinika, tibbiy brigadalar, shifokor oldi ko‘ruv xonalarining faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

***

Har qanday joydan mahsulotni sotib olishda avvalo, uning iste’mol talablariga javob berishiga ahamiyat qaratish muhim hisoblanadi. U xoh bozorlar bo‘lsin, xoh savdo do‘konlari. Ko‘cha-ko‘ylarda sotilayotgan mahsulotlarni xarid qilmaslik eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Shu bois Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan «Birodarlik» va «Navro‘z» mahallasi bo‘ylab joylashgan oziq-ovqat do‘konlarida o‘rganish ishlari olib borildi.

Sifati kafolatlanmagan mahsulotlar savdodan oldirildi. Shuningdek, 3 kg. uy sharoitida tayyorlangan suzma, 6 litr qatiq mahsulotlari, organoleptik xususiyatini yo‘qotgan 4 kg. nok, 5 kg. shaftoli, 5 kg. olma mahsulotlarini o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rildi. Sotuvchilarga tegishli normativlarga muvofiq faoliyat olib borish yuzasidan ogohlantirish choralari qo‘llanildi.

***

2024 yilning 29-30 oktyabr kunlari Toshkentda «Farma O‘zbekiston va Markaziy Osiyo: farmatsevtika zavodlarini qurish va modernizatsiya qilish» III-xalqaro kongress va ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Tadbir Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ko‘magida tashkil etilmoqda.

Unda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining 350 dan ortiq yetakchi farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari, investitsiya loyihalari tashabbuskorlari, uskuna va texnologiyalarni hamda farmatsevtik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, xalqaro investorlar ishtirok etishi kutilmoqda.

M.Qosimova, O‘zA