Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil qilindi.
Unda transplantatsiya operatsiyalari amalga oshirilgan bemorlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
***
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida «UVENTO» kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kompaniya tibbiy buyumlar va dori-darmonlar ishlab chiqarishi, kuyishlarda tananing turli qismlaridagi jarohatlarda qo‘llaniladigan tibbiy mahsulotlar, ularni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgani va kelgusidagi rejalar xususida so‘z yuritildi.
Uchrashuv davomida Agentlik direktori yurtimiz farmatsevtika bozorining joriy holati haqida ma’lumot berib, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish uchun eng istiqbolli yo‘nalishlarni qayd etdi. O‘zbekiston farmatsevtikasining bugungi holati, sohaga investitsiya kiritish shartlari, yurtimizda xorijiy kompaniyalarga yaratilgan imkoniyatlar, yengillik va imtiyozlar masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha potensial loyihani muhokama qilish uchun istiqbolli hamkorni aniqlash maqsadida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga «UVENTO» kompaniyasidan materiallar taqdim etishga kelishib olindi.
***
Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasining Markaziy va Toshkent shahri hududiy vakillari Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot tashkilotlarida bo‘lib, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan monitoring olib bormoqda.
Unda asosiy e’tibor kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tibbiyot muassasalarining tibbiy jihozlarga talabi, tibbiyot xodimlarini elektron tizimlardan foydalanish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, OP, OSHP va KTMPlarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji, bemorlarni yo‘llanma asosida davolanishga yuborish kabi masalalarga qaratildi.
***
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi hamda Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan Olmazor tumanida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda OIV infeksiyasining shifoxona ichi sharoitida tarqalish holatlarining oldini olish uchun qilinishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.
***
Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov AQSH vakillarini qabul qildi. Ushbu uchrashuv bolalar jarrohligi sohasida AQSH va O‘zbekiston hamkorligi mustahkamlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
***
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida «Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasidagi vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan onlayn trening tashkil etildi. Unda soha mutaxassislari va regulyator organlar vakillari ishtirok etdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Global benchmarking vositasining kompyuter programmasini qo‘llash va Benchmarking Milliy nazorat qiluvchi organining baholash jarayoni boshlanishi to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
***
Toshkent davlat stomatologiya institutiga Koreyaning nufuzli Yonsey universiteti va Samsung tibbiyot markazi delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Delegatsiya tomonidan 20-mayga qadar institutda ortognatik jarrohlik yo‘nalishida murakkab va noyob operatsiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, talabalar uchun ma’ruza va mahorat darslari tashkil etiladi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA