Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi
18:07 / 2022-02-10

Toshkent shahar prokuraturasining tashabbusi bilan shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi hamda shahar bandlik bosh boshqarmalari hamkorligida ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish maqsadida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga “Mehnat yarmarka”si tashkil etildi.

Unda tizimidagi bir qator tashkilotlar hamda "ANVAR FARMSERVIS" MCHJ (A5) dorixonalar tarmog‘i 50 bo‘sh ish o‘rni, "NIKA FARM SERVIS" MCHJ (OXYmed) dorixonalar tarmog‘i 150 bo‘sh ish o‘rni hamda “GRAND PHARM TRADE" MCHJ dorixonalar tarmog‘i 100 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. 


– Shahrimizning ishsiz aholisi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar uchun bugungi tadbir o‘ziga xos ahamiyatga ega – deydi Toshkent shahar farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish bo‘linmasi boshlig‘i Ulug‘bek Jumaniyozov. – Ishonamanki, bugungi yarmarka mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar va tibbiyot sohasida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz uchun qulay imkoniyatdir. 

Ahamiyatlisi,  Toshkent Tibbiyot akademiyasi, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent pediatriya instituti, Toshkent farmatsevtika institutining bitiruvchi talabalari ham yangi yaratilayotgan ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishib, ish beruvchilar tomonidan talab etiladigan malaka darajasi, ish haqi miqdori va boshqa masalalarda kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. 


Mohigul Qosimova, O‘zA