English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat tomnidan qo‘llab-quvvatlanadi
10:33 / 2025-11-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘isida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, tibbiyot va marmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadlari belgilab olindi. Ular: 

a) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish. Ularning moddiy manfaatdorligini oshirish; 

b) aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan fidoyi xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini joriy etish; 

v) istiqbolli yosh mutaxassislar o‘z kasbiy malakasini oshirib borishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish; 

g) “Shifokor – aholi salomatligi posboni” shiori ostida jamiyatda ularning nufuzini oshirishdan iborat. 

2026 yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam  miqdorida rag‘batlantiriladi. 

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi: 

a) “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sog‘liqni saqlash organi rahbari”; 

b) har bir hududda: 

“Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori” va “Eng yaxshi tuman (shahar) o‘rta tibbiyot xodimi”; 

“Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”. 

Tanlov asosida g‘oliblar quyidagi miqdorlarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan bir martalik rag‘batlantiriladi:

tibbiyot muassasalari – 500 million so‘m; 

tibbiyot va rahbar xodimlar – 30 million so‘m.

G‘oliblar Tibbiyot xodimlari kuni arafasida e’lon qilinadi. Ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish hamda xorijdagi nufuzli ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan menejerlik va zamonaviy dasturlar asosida o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

“Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) sog‘liqni saqlash organi rahbari” va “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi. 

2026 yil 1 apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. 

2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarida Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan: 

a) tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi; 

b) davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi; 

v) tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab beriladi; 

g) har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi. 

Qarorga ko‘ra, Milliy akkreditatsiyadan o‘tgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga 2026 yil 1 yanvardan boshlab lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanadi.

O‘zA