Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot va farmatsevtika sohasi fidoyilari sharaflandi
18:08 / 2025-11-10

Kecha, 9 noyabr kuni, Prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan soha vakillariga mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ular orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, yurtimizga qaytib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar, aholimiz salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotganini ta’kidladi.

Natijada birlamchi tibbiyot muassasalarining quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar esa tuman darajasiga tushirildi.

– Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir, – dedi Prezidentimiz. – Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlar orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi.

Prezidentimiz davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirib, taqdirlanganlarni butun xalqimiz nomidan tabrikladi.