Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot tizimi: ishga qabul qilishda poraxo‘rlik ko‘paymoqda
14:13 / 2022-01-19

Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sog‘liqni saqlash tizimida, ayniqsa, ishga olish masalasida korrupsiya ildiz otganligi aniqlangan.

Viloyatda tibbiyot muassasalari xodimlari tomonidan 2020 yilda 12 ta, 2021 yilda 16 ta pora evaziga ishga qo‘yish uchun ta’magirlik jinoyatlari sodir etilgan. Tahlillarga ko‘ra, korrupsion holatlarni vujudga keltiruvchi asosiy omil bevosita ishga olishga mas’ul kadrlar bo‘limi boshliqlarining lavozimida besh yil va undan ortiq muddatda ishlab kelayotganligi sabab bo‘lmoqda. Viloyat tibbiyot muassasalaridagi kadrlar bo‘limi boshlig‘i yoki mas’ullaridan 7 nafari 25 yildan 27 yilgacha, 4 nafari 10 yildan 20 yilgacha, 11 nafari 5 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddat mobaynida ishlab kelmoqda. Bunday holatni viloyat bo‘yicha tibbiyot muassasalari boshliqlarida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, ulardan 4 nafari 10 yildan 20 yilgacha, 3 nafari 10 yildan buyon hamda 12 nafari 5 yildan ortiq muddatda lavozimda ishlab kelmoqda.  

Masalan, Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasida kadrlar bo‘limi mansabdori 1998 yildan (23 yildan) buyon ishlab kelayotgan bo‘lib, 2020 va 2021 yillarda ushbu birlashmada ta’magirlik evaziga ishga joylashtirish bilan bog‘liq 2 ta jinoyat sodir etilgan. Tibbiyot birlashmasi tashkiliy uslubiy bo‘lim mudiri lavozimida ishlab kelgan mansabdor shaxs fuqaro Q.dan 400 AQSH dollari, mutaxassisi esa fuqaro M.dan 700 AQSH dollarini tuman tibbiyot birlashmasi mansabdorlari orqali ishga joylashtirish evaziga olgan vaqtda qo‘lga olingan. Viloyat teri tanosil kasalliklari dispanserida kadrlar bo‘limi boshlig‘i sifatida ishlagan xodim 1994 yildan (27 yildan) buyon ishlab kelayotgan bo‘lib, ushbu muassasada ham ta’magirlik evaziga ishga joylashtirish bilan bog‘liq 2 ta jinoyat sodir etilgan.  

Tibbiyot muassasalarida 2 ming 806 nafar shaxs ish haqi o‘rtacha 350 ming so‘m bo‘lgan 0,25 hissada, 3 ming 798 nafari ish haqi o‘rtacha 700 ming so‘m bo‘lgan 0,50 hissada ishlab kelayotgani aniqlangan. Vaholanki, Sog‘liqni saqlash vazirining 2019 yil 21 yanvardagi 18-sonli buyrug‘iga asosan asosiy ish joyiga tibbiyot xodimlarini faqat to‘liq stavkaga ishga olinishi belgilangan. So‘ngi uch yilda viloyatdagi mavjud 4 ta tibbiyot texnikumlarida tahsil olgan jami 2 ming 541 nafar bitiruvchilarning hozirda 1 ming 275 nafari (50.1 foizi)ning bandligi ta’minlangan xolos.  

Ishga joylashish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilishiga korrupsion unsurlardan yana biri aholiga bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etmaslik bo‘lib, bu borada jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagan. Axborot kommunikatsiyalari rivojlangan bugungi davrda bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar Mehnat vazirligi huzuridagi ochiq elektron portal orqali har oyda taqdim etilishi belgilangan. Biroq, viloyatdagi tibbiyot muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar keng jamoatchilik ixtiyoriga yetkazilmasdan, byurokratik to‘siqliklarga barham berilmagan. So‘ngi ikki yilda bo‘sh ish o‘rinlarini yashirish bilan bog‘liq 33 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Aybdor mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarlik masalasi hal etilgan. Bundan tashqari, 2021 yil mobaynida sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari tomonidan 12 ta holatda ta’magirlik va o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilgan. 

Albatta bu muammolar bugun paydo bo‘lgan emas. Bu yillar davomida to‘planib kelayotgan sohadagi muammolarning ayanchli oqibati. Lekin korrupsiyaning oldini olish va unga barham berish borasida Davlat rahbari tashabbusi bilan yetarlicha imkoniyatlar yaratilgan. Bundan unumli  foydalanish, mavjud muammolarni bartaraf etish tibbiyot muassasalari rahbarlaridan boshlab, mahalliy hokimiyat vakillarigacha bo‘lgan mas’ullar zimmasidadir. 

Zarif Komilov, O‘zA