Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorov raisligida sohadagi ustuvor vazifalar ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Videokonferensaloqa shaklidagi ushbu muloqotda vazir o‘rinbosarlari, Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori P.Narziyev, shuningdek, vazirlik mas’ullari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi vakillari, respublika tibbiyot muassasalari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ishtirok etdi.
Joylardagi studiyalardan barcha hududiy boshqarmalar, tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari hamda soha mas’ullari qatnashdi.
Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimidagi autsorsing xizmatlari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Xususan, Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori P.Narziyev ushbu yo‘nalishda o‘tkazilgan tekshiruv natijalari yuzasidan ma’lumot berdi.
SSV
Vazir mazkur masalaga to‘xtalar ekan, joylarda bu yo‘nalishdagi ishlar qoniqarli emasligini ta’kidlab, tibbiyot muassasalarida xarid jarayonlariga mas’ul shaxslarning malakasini oshirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, shifo maskanlarida diyetologlar faoliyati hamda tibbiy nazorat guruhlarining ishini samarali tashkil etish bo‘yicha rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 10 noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda berilgan topshiriqlari ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, hududlardagi tibbiyot muassasalari faoliyatini rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyati aholisi orasida buyrak xastaliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida qalqonsimon bez hamda Qashqadaryo viloyatining qator tumanlarida oshqozon-ichak va onkologik kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash bo‘yicha ishlar sust ketayotgani, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni joylardagi ba’zi rahbarlar to‘liq anglab yetmayotgani jiddiy tanqid qilinib, bu borada mas’ullar qat’iy ogohlantirildi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda qish mavsumida tibbiyot muassasalarining barqaror ishlashini ta’minlash masalasi ham atroflicha muhokama etilib, o‘rganishlar jarayonida ayrim sog‘liqni saqlash ob’ektlarida muayyan kamchiliklar aniqlangani aytib o‘tildi.
Shu bois, shifo maskanlarini issiqlik hamda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda sohani rivojlantirish bilan bog‘liq yana bir qator masalalar ko‘rib chiqilib, tizim mas’ullariga ularning ijrosi yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA