Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot statistikasi: So‘nggi 10 yilda dunyoda allergik kasalliklar ko‘rsatkichi ikki barobar oshgan
17:22 / 2022-05-30

Poytaxtimizda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi tomonidan xorijiy tashkilotlar hamkorligida molekulyar allergodiagnostika sohasiga oid xalqaro forum o‘tkazilmoqda.

 Tadbirda Avstriya, Germaniya, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston kabi qator davlatlardan tashrif buyurgan hamda yurtimizda faoliyat olib borayotgan allergologiya-immunologiya sohasi bo‘yicha yetakchi olim va mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.  

Forumda allergik kasalliklarni tashxislash, davolash va oldini olishda ilg‘or tibbiy texnologiyalardan foydalanishning samaradorligi xususida so‘z yuritilib, xalqaro tajribalar, yutuqlar, soha oldidagi dolzarb muammolar, masalalar haqida fikr almashilmoqda.   

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir yer yuzida eng ko‘p tarqalgan noinfeksion xastaliklar orasida allergik kasalliklar yuqori o‘rinni egallaydi. U dunyo aholisining qariyb 35-40 foizida uchraydi. Ayniqsa, keyingi 10 yil ichida jahonda allergik kasalliklar ko‘rsatkichi 2 barobar oshgani xavotirli holat. Bu ekologik muammolar, noto‘g‘ri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari ko‘p qabul qilish, kam harakatlilik kabi omillar bilan bog‘liq.    

Bu esa sohaga innovatsion yondashuvlar, ilg‘or tashxis va muolaja usullarini keng tatbiq etish zaruratini yuzaga keltirmoqda. Molekulyar allergodiagnostika ana shunday istiqbolli yo‘nalishlardan biridir.   

O‘zbekistonda bu borada erishilgan yutuqlar, galdagi ustuvor vazifalar hamda mavjud muammolarning yechimlariga doir  taqdimotlar, zamonaviy dori vositalari, yangi diagnostika texnologiyalari ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Tadbir doirasida allergologiya-immunologiya sohasiga ixtisoslashgan amaliyot shifokorlari uchun mahorat darslari o‘tkazilmoqda.  

Mohigul Qosimova, O‘zA