Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot sohasini axborotlashtirish – idoralararo jarayon
11:57 / 2021-03-31

Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi tibbiyot sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish masalasiga bag‘ishlandi.

Xalq vakillari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida joriy yilning eng ustuvor vazifalaridan biri etib tibbiyot sohasini raqamlashtirish ko‘lamini oshirish belgilangan. Mazkur vazifaning ijrosi doirasida mamlakatimizda tibbiyot muassasalari tomonidan masofaviy xizmat ko‘rsatish sonini oshirish va sifatini yaxshilash, shuningdek, poliklinika va shifoxonalarda elektron hujjat yuritish tizimlarini joriy etishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda tibbiyot sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha mas’ul bo‘lgan qator mansabdor shaxslarning ma’ruzalari tinglandi hamda o‘tkazilgan parlament nazorati tadbirlarining natijalari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov tibbiyot sohasini raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijalarini ijobiy baholash bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimida raqamlashtirishning bugungi holati to‘g‘risida qator tanqidiy fikrlar ham bildirdi.

– Hanuzgacha amaliyotda telemeditsina asosida respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va ularning joylardagi filiallari o‘rtasida yaqindan aloqa o‘rnatilganini ko‘rmayapmiz, – dedi N.Ismoilov. – bugungi kunda amalga oshirilayotgan qator boshlang‘ich loyihalar bilan aslo o‘zimizni xotirjam his qilishimiz kerak emas. Joylarda odamlar haligacha har tomonlama masofaviy diagnostika va davolash imkoniyatlari kengaytirilmaganidan norozilik bildirishadi. Axir, aynan, bizning ilg‘or respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarimiz bunday tadbirlarni tashkil etishlari uchun zarur bo‘lgan vakolat va imkoniyatlarga ega, qolaversa, ular ushbu jarayonlarda yo‘lboshchi sifatida harakat qilishi lozim.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizovning ta’kidlashicha, axborotlashtirish bu murakkab, idoralararo jarayon bo‘lib, bitta vazirlikning alohida harakati kutilgan samara bermaydi. Parlament komissiyasining bugungi kundagi faoliyati vazirlik oldiga qo‘yilgan ulkan vazifalarni yechishda tashkilotlar, davlat idoralari, hokimliklar va fuqarolik jamiyati institutlarining idoralararo o‘zaro munosabatlarining samaradorligini oshirishda katta hissa qo‘shmoqda.

Parlament komissiyasi Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli pilot loyihalarining borishi, xususan, birlamchi tibbiyot tashkilotlari tizimini raqamlashtirish, tibbiy qaydnomalarning elektron hisobi tizimini avtomatlashtirish, ijtimoiy ob’ektlarni keng polosali internet aloqa liniyalariga ulash va boshqa vazifalar ijrosini monitoring qilish natijalarini atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, joriy yilning fevral-mart oylarida Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida tibbiyot sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish bo‘yicha parlament tomonidan amalga oshirilgan ishlarning natijalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA