Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiyot muassasalarini xavfsiz va sifatli dori-darmonlar, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash, sohaga raqamlashtirishni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda.

– Sohada xorijiy klinikalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 2024 yil davomida 11 ta xalqaro memorandum imzolandi. Xususan, Misr, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Yaponiya, Isroil, Janubiy Koreya bilan sheriklik aloqalari o‘rnatildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bosh mutaxasissi Gulzar Djumagulova. – Xalqaro loyihalardan biri – Xitoy Xalq Respublikasining “CSADI” kompaniyasi ko‘magida Nukus shahrida bolalar tibbiyot klasteri qurilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunda 1,2 gektar yer maydoni ajratilgan va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Nukus shahrida Birlashgan Arab amirligining Shayx Xalifa nomidagi shifoxonasi bunyod etiladi. Uning qurilishini “Orient Construction Services Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati kelgusi yilning birinchi choragida yakunlashni rejalashtirgan. Mazkur shifoxona onalar va bolalar uchun mo‘ljallangan.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning “Acryl AI” kompaniyasi taklifiga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari Seul shahrida bo‘lib, Koreya Respublikasining tibbiyotdagi zamonaviy texnologiyalari va farmatsevtika sanoati bilan tanishdi. Mazkur kompaniya bilan raqamlashtirish sohasidagi loyihalar muhokama qilinib, ularning mamlakatimizda amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Joriy yilda ham sog‘liqni saqlash sohasida xorijiy davlatlar bilan xalqaro aloqalarni o‘rnatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Masalan, joriy yilning 20 fevral kuni Hindiston Respublikasi "Sharda Hospital" klinikasi bilan xalqaro memorandum imzolandi va shu yilning 18-19 avgust kunlari hududda sog‘liqni saqlash sohasida insonparvarlik aksiyasi o‘tkazildi. Shu bilan birga, Germaniya Federativ Respublikasining “RecruitMed” kompaniyasi yordami bilan hududda loyiha doirasida ishsiz o‘rta tibbiyot xodimlari bepul o‘qitilib hamda xorijga ishga joylashtirish ishlari bepul amalga oshirilmoqda.
AQSHning “TIFO” tashkiloti yordami bilan xududda “Orol fojiasining mintaqaviy aholi salomatligiga salbiy ta’sirini o‘rganish” loyihasi doirasida suv namunalari olish va o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 29 aprel – 5 may kunlari davomida Quvayt davlatining “Hore” tashkiloti yordami bilan sog‘liqni saqlash doirasida insonparvarlik aksiyasi amalga oshirildi. Ushbu aksiya doirasida mintaqaviy muhtoj oilalardagi bemorlarga 253 ta jarrohlik amaliyoti, 36 ta muolaja hamda 420 ta tibbiy ko‘rik bepul amalga oshirilishiga erishildi. Shu bilan birga, yana bir muhim loyiha bo‘yicha Yaponiyaning "Digital knowledge" kompaniyasi tomonidan homilador ayollar uchun mo‘ljallangan raqamlashtirilgan platformani birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini xodimlari amaliyotiga joriy etish qo‘shma loyihasi amalga oshirilmoqda.
Rivojlangan xorijiy davlatlar bilan tibbiyot sohasidagi xalqaro hamkorlik sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish hamda tibbiyot va farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu borada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, tibbiy turizm, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal qo‘llash, elektron sog‘liqni saqlashning yagona tartibini ishlab chiqish g‘oyatda muhim hisoblanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri