Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot sohasidagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda
12:36 / 2025-05-26

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori E.Tadjiyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”sida belgilangan vazifalar ijrosi To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Xo‘jayli tumanlari hamda Nukus shahar tibbiyot birlashmalarida o‘rganildi.

Aniqlanishicha, muassasalarda raqamlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, tizimda korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilish bo‘yicha ta’sirchan va samarali ishlar yo‘lga qo‘yilmagan. Jumladan, birgina Nukus shahar tibbiyot birlashmasi va unga qarashli 1 ta markaziy, 10 ta shahar oilaviy poliklinikada “DMED” elektron tizimi, “Yagona elektron tibbiy karta", “Elektron retsept” va boshqa tizimlarga ma’lumotlar to‘liq va o‘z vaqtida kiritilmagan. Xususan yanvar, aprel oylarida 2 ming nafarga yaqin bemor tibbiy kartalari o‘z vaqtida yopilmaganligi, ularning tibbiy ko‘rik natijalari, retseptlar, bepul berilgan dorilar borasidagi ma’lumotlar tizimga to‘liq kiritilmaganligi, shifokorlar tizim bilan ishlash borasida to‘liq ma’lumotga ega emasligi, kompyuter texnika vositalari bilan yetarlicha ta’minlanmaganligi aniqlandi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi va tibbiyot birlashmasining “ishonch telefon”lari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va korrupsiya holatiga duch kelganda murojaat qilish tartibi tushuntirilgan tarqatma va bannerlar ko‘rinadigan joyga o‘rnatilmaganligi, monitorlar orqali korrupsiya illatiga qarshi kurashish targ‘ib qilinuvchi lavhalarni berib borish yo‘lga qo‘yilmaganligi, bepul dorilar ro‘yxati tushunarli qilib yozilib, hammaga ko‘rinadigan joylarga o‘rnatilmaganligi kabi kamchiliklar o‘rganish jarayonida bartaraf qilindi.  

Monitoring natijasi bilan tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligini hal qilish va ularni bartaraf qilish bo‘yicha muddatlari belgilangan holda qat’iy topshiriqlar berildi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri