Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot sohasida yosh olimlarga yangi imkoniyat eshiklari ochilmoqda
15:49 / 2022-03-16

O‘zbekiston tibbiyoti – inson qadri uchun

Keyingi 5 yilda mamlakatimizda yoshlarga, ayniqsa, yosh olimlarga katta e’tibor qaratilib, mazkur yo‘nalishda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Yangi O‘zbekistonning zamonaviy ta’lim maskani sifatida ko‘p yillar davomida tibbiyot sohasiga kadrlarni tayyorlab kelmoqda. 

bugungi kunda institut infratuzilmasi kampus darajasiga keltirilib, uning hududida zamonaviy jihozlangan o‘quv binolari, minglab o‘quv va ilmiy adabiyotlarga ega axborot-resurs markazi, zamonaviy sport majmuasi, sog‘lom ovqatlanish uchun sharoitlarga ega talabalar oshxonasi, talabalar amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan va yuqori texnologik mulyaj va robot-simulyatorlarni mujassam qilgan o‘quv simulyatsiya markazi, talabalar turar-joyi hamda bolalarga yuqori malakali ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan institut klinikasi faoliyat yuritmoqda. 

Eng muhimi, ushbu maskan to‘liq raqamlashtirilgan yagona tizim orqali boshqariladi. Hozirda, institutda 5 ming 600 nafardan ortiq bo‘lajak shifokorlar tibbiy bilimlarni o‘zlashtirmoqda. 

Ta’lim jarayoni kompyuter, video-proyektor, elektron doska, elektron minbar, LED ekran kabi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan hamda Wi-Fi internet tarmog‘iga ulangan institut o‘quv binolaridagi 200 dan ziyod auditoriyalar, ma’ruza kompleksi va davolash-profilaktika muassasalarida joylashgan 83 ta klinik o‘quv bazalarida olib borilishi institutni xalqaro standartlarga javob beradigan oliy o‘quv yurti sifatida tan olinishiga zamin yaratdi. 

Ta’lim jarayonini laborator amaliyotga asoslangan holda amalga oshirish va zamonaviy ilmiy infratuzilmani shakllantirish maqsadida institutda jahon andozasiga mos ravishda zamonaviy laborator asbob-uskunalar bilan jihozlangan 7 ta o‘quv laboratoriyasi tashkil etilgan.  

Institut axborot-resurs markazi fondi 291 ming 203 ta kitobga yetkazildi. Har yili 2,5 milliard so‘mlik yangi adabiyotlar xarid qilinadi. Ularning teng yarmi xorijiy adabiyotlardir. Bundan tashqari, institut yosh olimlari va talaba-yoshlari uchun GEOTAR-Media nashriyotining elektron bazasidagi 3 mingdan ziyod elektron darslik, o‘quv qo‘llanma, ilmiy jurnallar kabi adabiyotlaridan ochiq foydalanish imkoniyati yaratildi.  

Shuningdek, tibbiyotni raqamlashtirish va yangi avtomatlashtirilgan dasturlarni yaratish, ularni amaliy tibbiyotga tatbiq etish ishlari institutda yangi tashkil etilgan IT-parkning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi. Ushbu park o‘z ichida oliy tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma laboratoriyani mujassam qilgan. 

Mazkur sharoitlardan oqilona foydalangan holda, institutda iqtidorli yoshlarni tayyorlashning yangi mexanizmi orqali ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Avvalo, bakalavriatda o‘qish muddati 6 yillik ta’limga o‘tkazilib, xalqaro tajribani o‘rganish asosida klinik amaliyot ulushi 50 foizga yetkazildi. So‘nggi 5 yil ichida mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, 3 ta yangi ta’lim yo‘nalishi, magistratura va klinik ordinatura bosqilarida 6 ta tor mutaxassislik bo‘yicha qabul tashkil etildi.  

Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan qo‘shma dastur asosida 3 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 1 ta magistratura va 9 ta klinik ordinatura mutaxassisligini o‘z ichiga olgan xalqaro fakultet tashkil etilganligi ham muhim voqealardan biri bo‘ldi.  

Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasida yaratilgan innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda institutda “start-up” ekotizimini yaratish tamoyili asosida IT-Park bilan hamkorlikda inkubatsiya markazi tashkil qilindi. 

Qolaversa, alohida qobiliyat va iqtidor egasi bo‘lgan, jamoat ishlarida faol va chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi xalqaro sertifikatga ega institut talabalarini rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqilgan. Yaratilgan sharoitlar va mexanizmlarni qo‘llash orqali institut yoshlari qator yutuqlarga erishdi. 

Xususan, davlatimiz tomonidan yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ijobiy ishlardan biri – nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash uchun o‘qishga kirib, muddatdan avval himoya qilgan yosh olimlarga bir martalik pul mukofotlarini berish tizimi joriy etilishidir. Ushbu imkoniyatdan oqilona foydalangan holda, yosh olima Saodatxon Solihova ham o‘z doktorlik (PhD) dissertatsiyasini muddatdan avval himoya qilgani uchun 53 million so‘m miqdorida pul mukofotiga sazovor bo‘ldi. 

2018-2021 yillarda institutning 45 nafar yosh olimi “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantiga sazovor bo‘ldi. Masalan, institutimizning yosh olimi Murodbek Ahrorov “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasi sovrindori bo‘lib, 2018-2020 yillarda dunyoning eng nufuzli TOP-200 universitetlari ro‘yxatidagi Kanadaning Alberta universiteti magistraturasining “Jarrohlik” ta’lim yo‘nalishida tahsil olgan. 

Institut tomonidan respublikamizda ilk marotaba Sankt-Peterburg Davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan qo‘shma “Yevrosiyo pediatriya axborotnomasi” nomli xalqaro hamkorlikdagi ilmiy-amaliy jurnal ta’sis etildi. 

Keyingi besh yilda institut talabalariga yaratilgan imkoniyatlar natijasida 7 nafar talaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 5 nafar talaba Islom Karimov va yana 8 nafar talaba Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyalari sohibi bo‘ldi. Shuningdek, 18 nafar talaba O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi tomonidan joriy etilgan stipendiyalarga sazovor bo‘ldi. 

Institut talabalari orasida respublika va xorijiy fan olimpiadalari va tanlovlar g‘oliblari 40 nafarni tashkil etgan. Institut talabalari jamoasi 2018 yilda Sankt-Peterburg shahrida Pediatriya fanidan o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada faxrli 2-o‘rinni egallagan.  

Institutning 35 nafar talabasi respublika miqyosidagi ma’naviy, ilmiy-intelektual tanlovlar va sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Mard o‘g‘lon” va “Zulfiya” davlat mukofotlari, “O‘zbekiston belgisi” va “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni sohiblari bo‘ldi. 

IT-Park, IT-Academy va Dubai Future Foundation (BAA) tomonidan o‘tkazilgan “Students Cup-2021” xalqaro tanlovida institut talabalarining Lalu.uz loyihasi respublika miqyosida uchinchi o‘rinni egallab 4 000 dollar miqdorida rag‘batlantirildi. Ta’lim tizimidagi eng muhim yangiliklardan biri oliy o‘quv yurtlari va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasida uzviylik va ta’lim uzluksizligini kuchaytirish maqsadida akademik litseylarni oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkazilishi bo‘ldi.  

Natijada, institut o‘z akademik litseyi faoliyatiga ko‘maklashishi orqali litsey o‘quvchilari kimyo, biologiya fanlaridan Jahon va Xalqaro Mendeleyev olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallab, Rossiya, AQSH, Turkiya, Qozog‘iston, Koreya, Singapur kabi ko‘plab mamlakatlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tardi. 

Jumladan, fan olimpiadalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, jami 83 ta, shundan 13 ta oltin, 24 ta kumush va 46 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. 

Bir so‘z bilan aytganda, Prezident tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan tibbiy ta’limni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar tibbiy ta’lim tizimini xalqaro standart talablariga moslashtirilish va yosh olimlarni tayyorlash jarayonini samarali tashkil etish orqali yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga xizmat qildi. 

 
Xasanxoja Abidov,  
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti  
tayanch doktoranti (PhD) 

O‘zA