Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda Nurafshon shahrida tibbiyot sohasida bo‘sh ish o‘rinlari uchun mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Tadbirda barcha tuman-shaharlardagi hududiy tibbiyot birlashmalari mutaxassislari tomonidan ishga joylashmoqchi bo‘lgan nomzodlar qabul qilindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Toshkent viloyatidan mamlakatimizdagi tibbiyot oliygohlarni 2024-2025 o‘quv yilida 297 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Ulardan 201 nafari bakalavr va 96 nafari tor soha mutaxassislaridir. Shuni e’tiborga olib viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan yosh mutaxassislarni joylardagi tibbiyot muassasalariga ishga joylashishni ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatidagi tibbiyot muassasalarida bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda HRM.ARGOS.UZ platformasiga kiritilmoqda. Bu esa o‘z navbatida ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarga ham qaysi yo‘nalishda vakant joylar borligi haqida ma’lumotlar olishga imkon beradi.

Mehnat yarmarkasida dastlab viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov nomzodlarni tegishli tartibda ochiq axborotlar bilan tanishtirdi. Qayd etilganidek, Prezidentimiz 8 avgust kuni o‘tkazilgan oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilishda berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati aytildi.

– Ohangaron tumanida yashayman. Ko‘p yillardan buyon oilaviy sharoitim tufayli shu sohada ishlamadim. Lekin qayta malaka oshirib, ishga joylashish uchun yarmarkaga keldim. Bugun hududimizdagi oilaviy qishloq vrachlik punktiga hamshira bo‘lib ishga kirdim. Mas’ullar menga yo‘llanma berdi va oylik, sharoitlar haqida aytib o‘tdi. Bundan juda xursandman, endi o‘z yo‘nalishimda ishlayman, – deydi Nozima Holboyeva.

Bugungi kunda Toshkent viloyatidagi Davolash profilaktika muassasalarida 4 ming 775 nafar shifokor ishlayotgan bo‘lib, shundan 274 nafari oilaviy va qolgani esa tor soha mutaxassislaridir. O‘z navbatida tizimda bo‘sh ish o‘rinlari 697 tani tashkil qiladi. Maxsus platforma asosida 149 ta bo‘sh ish o‘rinlariga hujjatlar qabul qilinayotgan bo‘lsa, 225 nafar bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha tanlov davom ettirilib, test va suhbat jarayonlari olib borilyapti. Shu bilan birga, olis va chekka hududlardagi tibbiyot muassasalarida ham aholiga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida shifokorlarni jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.

Mehnat yarmarkasida tibbiyot oliygohlari bitiruvchilari, ishga kirmoqchi bo‘lgan nomzodlarga yo‘llanmalar, ish sharoitlari va oylik maoshlar haqida ma’lumotlar berildi.
A.Musayev,O‘zA.