“Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudovaning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Rustam Hayitov G‘ozg‘on shahridagi saylovchilar bilan uchrashdi.
Unda Xalq deputatlari shahar Kengashi deputatlari, partiya faollari, o‘qituvchilar, tibbiyot, madaniyat sohasi vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishonchli vakil ishtirokchilarga nomzodning tarjimai holini o‘qib eshittirdi va saylovoldi dasturining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil tushuncha berdi.

Ta’kidlanganidek, dasturda barcha sohalar qamrab olingan. Jumladan. sog‘liqni saqlash tizimini ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiqlashtirgan holda aholining barcha qatlamlari tibbiy yordamdan bahramand bo‘lishini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

– Partiyamizdan Prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzod tibbiyot xodimlarining maqomini qonun bilan belgilab, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ularga nisbatan turli tazyiqlarning oldini olish maqsadida qonunchiligimizni yanada takomillashtirish zarur, deb hisoblaydi, – dedi ishonchli vakil. – Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga birlamchi vazifa sifatida e’tibor qaratish, bunda har bir fuqarolar yig‘ini hududida sport bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda nomzodning saylovoldi dasturida belgilangan sud-huquq, ta’lim, tashqi siyosat bilan bog‘liq yo‘nalishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Robaxon Maxmudovaning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlagan holda 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ushbu nomzodga ovoz berishga chaqirdilar.
A.Bo‘riyev,
O‘zA