So‘nggi yillarda barcha sohalar kabi tibbiyot sohasida ham xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti bo‘yicha qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasi xodimlari o‘rtasida “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida spartakiada musobaqalarini muntazam ravishda tashkil etish va o‘tkazish ana’anaga aylanib bormoqda.
Nukus Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi sport bazasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda “Sport – salomatlik garovi” shiori ostida tibbiyot sohasi xodimlari o‘rtasida spartakiada musobaqalari o‘tkazildi.
Ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqada ishtirokchilar sportning armrestling, shashka, stol tennisi, yengil atletika, darts, arqon tortish turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Musobaqa yakunida umumjamoa hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi birinchi, 1-Respublika ruhiy va asab kasalliklari dispanseri ikkinchi, Respublika o‘lat profilaktika markazi Qoraqalpog‘iston filiali uchinchi o‘rinni egalladi.
Cpartakiadaning 1-2-3-o‘rin g‘oliblariga kubok, medal, diplom hamda sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, spartakiada musobaqalarida «Eng yoshi ulkan ishtirokchi», «Eng yosh ishtirokchi», «Eng mohir havaskor ishtirokchi», «G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
M.Qosimova, O‘zA