Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot: sohadagi yangilanishlar nafasi
17:36 / 2025-11-09

Bugun – Tibbiyot xodimlari kuni

Shifokorlar yuzlab, minglab bemorlar dardiga malham bo‘lishi, kezi kelganda ularga qayta hayot berishi, aksincha, birgina xato tufayli inson umriga nuqta qo‘yishi mumkin. Bugun ana shunday mas’uliyatli, mashaqqatli va shu bilan birga sharafli kasb egalarining bayrami!

Yurtimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Tibbiyot xodimlari kuni“ sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigini barcha shifokoru hamshiralar, tizim jonkuyarlari o‘zgacha quvonch va ko‘tarinkilik bilan qarshi olmoqda. O‘z navbatida, joylarda o‘tkazilayotgan tantanali tadbirlarda sohada erishilayotgan eng muhim yutuq va natijalar e’tirof etilyapti.

Kecha poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan tibbiyot muassasalari vakillari uchun ham bayram kechasi tashkil etildi. Unda tizim mutasaddilari, soha xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Marosim davomida bir guruh shifokor va hamshiralarning munosib taqdirlangani haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Unda ta’kidlanganidek, bugun yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimi jadal rivojlanish va yangilanish bosqichida. Inson qadrini ulug‘lash, uning hayoti va salomatligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va natijalari mamlakat tibbiyoti qanday tez sur’atlar bilan taraqqiy etayotganini yaqqol namoyon etmoqda.

– Ma’lumki, keyingi yillarda Prezidentimiz qo‘ygan talablar asosida tibbiyotni transformatsiya qilish, uni jahon standartlari darajasiga olib chiqish yo‘lida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov. – “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni o‘zida mujassam etgan ana shu yangilanishlar jarayonida sohani xalqqa yanada yaqinlashtirish, malakali tibbiy xizmatni xonadonlargacha olib kirish bosh mezon sifatida belgilangan.

Sog‘liqni saqlash vazirli matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar 6 barobarga oshirilib, 42 trillion so‘mga yetdi. Bu mablag‘lar hisobidan zamonaviy tibbiy texnologiyalar joriy etilmoqda, sifatli xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilmoqda. 

Prezidentimizning 2025 yil 19 maydagi tegishli farmoni asosida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining xalqaro tajribaga asoslangan yangi modeli amaliyotga kiritildi. Bu islohot hozircha 15 ta tuman va shaharda tajriba sifatida o‘tkazilmoqda va allaqachon ijobiy natijalarni bermoqda.

Qisqa vaqt ichida 490 ta tibbiyot muassasasi qayta tuzilib, 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Elektron yo‘llanmalar va raqamli hisobot tizimi ishga tushirilib, moliyalashtirishning “aholi jon boshiga” tamoyili joriy etildi. Natijada tez tibbiy yordam chaqiriqlari qariyb 100 mingtaga, shifoxonalarda davolanuvchi bemorlar soni esa 43 ming nafarga kamaydi. 
Bu ko‘rsatkichlar aholi salomatligiga bo‘lgan e’tibor kuchayganini anglatadi.

Raqamli texnologiyalar tizimni butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. DMED yagona elektron axborot tizimi orqali 36 milliondan ortiq fuqarolarning tibbiy ma’lumotlari yagona bazada jamlandi. Shu bilan birga, tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti 25-30 daqiqadan 10-15 daqiqagacha qisqardi. Kelgusida “Online-shifokor” xizmatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, bu aholiga tibbiy maslahatni masofadan olish imkonini yaratadi.

Yurtimiz tibbiyotida amalga oshirilayotgan ilg‘or texnologik yangiliklar ham e’tiborga sazovor. Respublika tibbiyot markazlarida jigar va buyrak transplantatsiyasi, yurak kardiomiotomiyasida sun’iy chap qorincha o‘rnatish, suyak ko‘migi transplantatsiyasi, epilepsiyada miyaga chip o‘rnatish kabi murakkab operatsiyalar mahalliy mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Bu yil ilk bor davlat shifoxonalarida robotlashtirilgan tibbiy amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi. 

Sun’iy intellekt asosida amalga oshirilayotgan tekshiruv va muolajalar soni 43 taga yetdi.

Tibbiy kadrlar tayyorlash tizimida ham yangi bosqich boshlandi. Uchta oliy o‘quv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi, Urganch davlat tibbiyot instituti ish boshladi.

Sakkizta tibbiyot oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi. Bu sohaga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni jalb etish imkonini kengaytirdi.

Shu bilan birga, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Agar 2017 yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 3,5 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 9 mingdan oshib ketdi. Xususiy tibbiy xizmatlar ulushi 10 foizdan 30 foizga yetdi.

Farmatsevtika bozorida ham milliy mahsulotlar ulushi ortmoqda: so‘nggi yetti yilda ishlab chiqarish hajmi 1,4 trillion so‘mdan 6,3 trillion so‘mga, eksport hajmi esa 6,3 million dollardan 250 million dollargacha o‘sdi. Bu raqamlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning salohiyati va soha islohotlarining samarasini yaqqol namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonining e’lon qilinishi ham mas’uliyatli va sharafli kasb egalari mehnatining munosib e’tirofi bo‘ldi. Farmonga ko‘ra, bir guruh soha xodimlari “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, I darajali “Sog‘lom avlod uchun”, II darajali “Sog‘lom avlod uchun”, I darajali “Salomatlik”, II darajali “Salomatlik”, “Do‘stlik” ordenlari, “Sog‘lom turmush”, “Kelajak bunyodkori” hamda “Shuhrat” medallari bilan taqdirlandi.

Ularning orasida Milliy tibbiyot markazining transplantologiya va angioxirurgiya bo‘limi mudiri Ahror Safarov ham bor. 

– Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanish men uchun ulkan sharaf va mas’uliyatdir. Bu mukofot nafaqat mening, balki butun jamoamizning mehnatiga, sa’y-harakatlariga berilgan yuqori bahodir, – deydi Ahror Safarov. – Yurtimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar har bir shifokorni yanada fidoyi bo‘lishga, xalq sog‘lig‘ini asrash yo‘lida yanada katta natijalarga erishishga ruhlantiradi.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda tibbiyot sohasi nafaqat texnologik jihatdan, balki inson salomatligiga bo‘lgan munosabat nuqtai nazaridan ham yangi bosqichga ko‘tarildi. Shifokorlar mehnati va fidoyiligi, davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori hamda tizimli islohotlar tufayli sog‘lom jamiyat sari dadil qadamlar tashlanayotir.

Mohigul Qosimova, O‘zA