Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot rivoji Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti namunasidir
15:00 / 2025-11-10

Qibray tumanida “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyatida tibbiyot sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan soha xodimlari, tajribali shifokorlar, tizim mas’ullari, faxriylar ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqib, barcha tibbiyot xodimlarini tabrikladi. Sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi sog‘liqni saqlash tizimida fidoyilik va shijoat ko‘rsatib mehnat qilayotgan, inson salomatligini asrab-avaylashga butun hayotini bag‘ishlagan barcha tibbiyot xodimlariga xalqimizning yuksak hurmat va ehtirom ramzi bo‘ldi. 

– Darhaqiqat, keyingi yillar mamlakatimizda tibbiyot tizimi rivoji ham mutlaqo yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Keyingi qisqa fursatda Toshkent viloyati tibbiyot tizimida ham salmoqli o‘zgarishlar bo‘ldi. Joylarda 12 ta oilaviy poliklinika va 28 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etildi. Bu orqali 400 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat yanada yaqinlashtirildi. 5 ta tumanlararo perinatal markaz va 4 ta “Qo‘shma jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari” foydalanishga topshirildi. Bu chekka hududlarda ham yuqori malakali tibbiy yordamdan foydalanish imkonini yaratdi. Qolaversa, yangi gematologiya va tug‘ruq komplekslari ishga tushirildi, xususiy tibbiyot muassasalari orqali statsionar davolash xizmatlari kengaymoqda. Poliklinikalar va shifoxonalar uchun 11,7 milliard so‘mlik zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar yetkazib berildi. Bu esa soha samaradorligini sezilarli darajada oshirdi, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva 

Shu bilan birga, viloyat hokimligi tomonidan 3,5 milliard so‘m ajratilib, 80 ta EKG apparati xarid qilindi. “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” loyihasi doirasida barcha muassasalarga qo‘shimcha 7,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga yana bir salmoqli hissa qo‘shildi. Mobil klinikalar orqali chekka hududlardagi aholi ham malakali tibbiy xizmat bilan bevosita qamrab olinmoqda. 

Bugun aytish mumkinki, tibbiyot muassasalarida texnik bazaning yangilanishi soha samaradorligini yangi pog‘onaga olib chiqdi. Tibbiy turizm sohasida qo‘shni va chet davlatlardan 4 ming 597 nafar bemor viloyatda davolangani ham viloyat tibbiyot muassasalari va shifokorlarga ishonch tobora yuksalib borayotganining tasdig‘idir. O‘tgan qisqa fursatda 1 ming 300 nafar shifokor va 3 ming 840 nafar o‘rta tibbiy xodim malakasini oshirdi, kadr yetishmovchiligi sezilarli darajada qisqardi. 

To‘kin dasturxon atrofida o‘tgan tadbir barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Shuningdek, Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yo‘lidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh viloyat tibbiyot xodimlari ham davlatimizning yuksak e’tirofga loyiq ko‘rildi. 

Nurafshon shahrida ularga davlat mukofotlari tantanali tarzda topshirildi. Mukofotlarni o‘z egalariga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Otabek Tursunov topshirdi. Bunday yuksak sharafga sazovor bo‘lganlar davlatimiz rahbariga ko‘rsatilgan e’tibor uchun cheksiz minnatdorlik bildirib, yurtimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, xalqimiz dardiga darmon bo‘lishdek sharafli va mas’uliyatli vazifada hamisha sobit bo‘lishlarini ta’kidladi. 

A.Musayev,O‘zA.