Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot psixologiyasi: dunyoda har to‘rtinchi odam ruhiy nevrologik kasalliklarga duchor bo‘lyapti
17:36 / 2022-02-25

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har to‘rtinchi odam turli ruhiy nevrologik kasalliklarga duchor bo‘lyapti.

 Ayniqsa, eng nozik qatlam bo‘lgan o‘smirlar va yoshlar orasida ruhiy xastaliklar ko‘payib, dunyo bo‘yicha har yettinchi bola ana shunday kasalliklarga duchor bo‘lgan.

Bu ko‘rsatkich kundan-kunga ortib borayotgani ayanchli holat. Bunga zamonaviy taraqqiyot tendensiyalari, texnologiyalar rivoji, katta hajmdagi axborot-informatsion bosim sabab bo‘lmoqda.  Ruhiy zo‘riqishlar esa ko‘pgina kasalliklarning kelib chiqishida asosiy omil bo‘ladi.  


 
Shundan kelib chiqib, bugun hayotimizda tibbiyot psixologiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bugun Oliy Majlis Senatida tashkil etilgan “O‘zbekistonda tibbiyot psixologiyasining dolzarb muammolari” mavzusidagi davra suhbatida shular xususida so‘z bordi.  


 
Tadbirda aholining fiziologik va ruhiy salomatligini ta’minlash borasidagi ishlar, ushbu sohada kelgusida hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar qizg‘in muhokama etildi.   
  
— bugungi kunda dunyo miqyosida ruhiy kasalliklar soni ortib bormoqda, — dedi Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova. — 2019 yilda ilk marta Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida ruhiy kasalliklarning sog‘liqni saqlash tizimiga nisbatan bosimi o‘rganilgan. Unga ko‘ra, bu turdagi xastaliklar bir yilda dunyo iqtisodiyotiga 12 trillion dollar miqdorida zarar keltirar ekan. O‘zbekistonda ruhiy kasalliklar oqibatida 4,8 trillion so‘m yo‘qotish bo‘lar ekan. Bu YAIMning 0,98 foizini tashkil etadi.   


 
Olimlarning qayd etishicha, psixiatriya sohasidagi  kasallarning 50 foizi yoshligida shu kasallikka chalingan. Dunyoda o‘limlar sabablarining 2-o‘rinida suitsid holatlari turadi. Bolalar va o‘smirlar suitsidi har yili o‘n foizga oshib bormoqda. Shu bois bugun ruhiy zo‘riqishlarning oldini olib borasidagi ishlarni jadallashtirish, tibbiyot psixologiyasini rivojlantirish talab etiladi. 2018 yilda davlatimiz rahbarining psixiatrik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha tegishli qarori qabul qilingani, 2019 yilda esa psixiatrik xizmatni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya qabul qilingani quvonarli hol, — dedi senator.   
 
Tadbirda ishtirok etgan Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirligi vakillari hamda mutaxassislar ushbu sohadagi muammolar va istiqboldagi vazifalar, davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy psixologiya holati, oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlash, bugungi kunda suitsidlar sabablari, sohani rivojlantirishda davlat boshqaruvining roli va boshqa masalalarni muhokama qildi.  


 
Tibbiy psixologiyaning birlamchi tibbiy yordamdagi o‘rnini mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda tizimda kuzatilayotgan ayrim muammolar o‘z yechimini kutmoqda.  

— Joylardagi o‘rganishlarimiz davomida tibbiyot psixiatrlariga bo‘lgan ehtiyoj, tibbiyot muassasalarida ular uchun shtatlar ajratilgani, shuningdek, ushbu sohadagi kadrlar tayyorlash masalalari o‘rganildi, — deydi senator Manzura Salimova. — Chunki turli ruhiy xastaliklarning oldini olishda, qolaversa, har qanday kasallikda, avvalo, ruhan davolashni amalga oshirishda  tibbiyot psixologiyasi muhim o‘rin tutadi. bugungi davra suhbatida ekspertlar va mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif-tavsiyalari asosida xulosa qilib, tegishli tashkilotlarga parlament so‘rovini chiqarish ko‘zda tutilgan.   
 
Tadbir ishtirokchilari respublikada sohani rivojlantirish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani qo‘llash, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligini ta’kidlab, o‘z takliflarini berdi. Davra suhbati yakunida tibbiyot psixologiyasini respublikada yanada rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA