Poytaxtimizda “Otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklarining dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilmoqda.
SSV matbuot xizmatiga ko‘ra, unda yurtimiz vakillaridan tashqari, Rossiya, Italiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlardan yetakchi soha olimlari va mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbirni sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi D.Sultonov kirish so‘zi bilan ochdi.
Anjumanda otorinolaringologiya, bosh va bo‘yin kasalliklari bo‘yicha innovatsion diagnostika va davolash texnologiyalari, bu yo‘nalishda olib borilayotgan molekulyar genetik tadqiqotlar, bemorlarni reabilitatsiya qilishning ilg‘or usullariga doir ma’ruzalar tinglanmoqda.

Qayd etilganidek, LOR kasalliklari aholi orasida eng ko‘p uchraydigan patologiyalardandir. Biroq yaqin yillargacha yurtimizda mazkur yo‘nalishda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatishning yaxlit tizimi yo‘q edi. Soha tarqoq holda bo‘lib, anchayin e’tibordan chetda qolgandi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil avgust oyidagi tegishli qarori bu muammoning oqilona yechimi bo‘ldi. Mazkur hujjatga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilishi natijasida tibbiyotning ushbu yo‘nalishi hududlarda o‘z filiallariga ega yaxlit tizimga aylandi.
Bugungi kunga kelib, muassasa va uning joylardagi filiallari yurtimizda otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklari profilaktikasi, ularni erta aniqlash hamda davolash dasturlarini amaliyotga tatbiq etib kelmoqda.
Anjuman doirasida mahorat darslari va taqdimotlar o‘tkazish hamda yakunda xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash ko‘zda tutilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA