Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot muassasasi yangi binoda ish boshladi
09:31 / 2024-12-13

Surxondaryo viloyati Angor tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda tuman hokimi Qosim Mardonov, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Abdusamad Mustanov va boshqalar mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirib, aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Buning uchun chekka hududlarda ham zarur qulayliklarga ega binolar barpo etilib, zamonaviy usulda jihozlanayotgani va bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilayotgani qayd etildi.  

Yangidan qurilgan tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limida ham hududda turli kasalliklarning oldini olish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.  

Tumanda 146 mingdan ortiq aholi istiqomat qilmoqda, – deydi tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i M.Xudoyberdiyeva. – Yangi binoda yuqumli va yuqumsiz kasalliklar profilaktikasi hamda ularga qarshi emlash ishlarini olib borish, sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilishni yanada samarali tashkil etish uchun barcha imkoniyat mavjud.  

Tadbir yakunida ishtirokchilar binoda yaratilgan zamonaviy qulayliklar bilan tanishdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri