Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot muassasalarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash uchun mablag‘ 12 barobar ko‘paytirildi
17:59 / 2023-12-22

Inson salomatligi eng katta boylik va eng muhim hayotiy masaladir. Shu bois ham sog‘likni o‘z vaqtida asrab-avaylash, salomatlikning qadriga yetish lozim. Afsuski, issiq jonning isitmasi bo‘ladi deganlaridek, ba’zan odamzot betob bo‘lib qoladi, joni og‘riydi, qayeridir bezovta qiladi. Ana shunday vaziyatlarda shifokorlarga, tibbiyot muassasalariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.

Yurtimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish va yanada takomillashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholiga tibbiyotni yaqinlantirish maqsadida chekka hududlarda ham keng qulayliklarga ega qishloq vrachlik punktlari tashkil etilmoqda, oilaviy poliklinikalarning faoliyati kengaytirilmoqda, mutaxassis vrachlarga bo‘lgan talabni qondirishga e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar uchun yo‘naltirilayotgan byudjet mablag‘lari ham yildan-yilga ko‘paytirilayotgani e’tiborga molikdir. 

Bu boradagi ishlar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qizilgul Qosimova quyidagilarni gapirib berdi: 

— Sog‘liqni saqlash sohasida hududlar tibbiyot muassasalariga davlat byudjetidan jami 17 trillion 944 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘ 2016 yildagidan 5 barobar ko‘p. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash uchun mablag‘ 12 barobar ko‘paytirildi. Eng muhimi, mablag‘ shifoxonaga emas, bemorlarga ajratilmoqda. 

Birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini mutlaqo yangi yondashuvlar asosida tubdan o‘zgartirishga kirishildi. O‘tgan yildan har bir mahallada “xonadonbay” ishlaydigan 17 ming 400 ta tibbiy brigadasi tashkil etildi. Aholiga sifatli tibbiy yordamni kengaytirish maqsadida birlamchi tizimga 20 mingta o‘rta tibbiyot xodimi uchun shtat ajratildi. Qishloqlarda joylashgan 801 ta oilaviy poliklinika zamonaviy UTT va EKG apparatlari bilan ta’minlandi, qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. 

Tibbiy xizmatlarni mahallalarning o‘zida ko‘rsatish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. 2023 yilda 1 ming 251 ta oilaviy shifokorlik punkti, 1 ming 82 ta oilaviy poliklinika, 209 ta KTMP faoliyati ta’minlandi. Respublikada mavjud mahalla fuqarolar yig‘ini aholisiga “bir qadam” tamoyili asosida tibbiy xizmatlar yaqinlashtirildi. Jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarigacha 3 kilometr masofada joylashgan mahallalar 62 foizga yetkazildi (5 ming 806 ta mahalla), 3-5 kilometrgacha 23 foiz (2 ming 151 ta mahalla)ni tashkil etadi. 

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har 2000 aholiga 1 ta, respublika bo‘yicha jami 17 ming 400 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilib, oilaviy shifokorga yordam beradigan umumiy amaliyot hamshirasi, patronaj hamshiralari, patronaj doyalar jamlandi. Amaliyotda kam samara bergan aholining chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklari o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlari va aholining guruhga mansubligidan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha davriy profilaktik ko‘riklar va tibbiy skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, onalar va go‘daklar o‘limi kamayishi, noinfeksion — yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning erta aniqlanishi, asoratlari kamayishiga olib kelmoqda. 

Tizimda elektron raqamlashtirish bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. “Elektron poliklinika” tizimida 2500dan ortiq birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi (BTSYOM) ishlamoqda. 2023 yil 1 oktyabr holatiga 32 milliondan ortiq aholi elektron axborot tizimi orqali BTSYOMlarga biriktirildi. Tizimda oilaviy shifokorlardan tor doiradagi mutaxassislarga, tor doiradagi mutaxassislardan oilaviy shifokorlarga yo‘naltirish amaliyoti yaratilmoqda. 

Ushbu tizim orqali aholini oilaviy shifokorlarga biriktirish, shu bilan birga, bemorni ambulator tibbiyot muassasasidan statsionar tibbiyot muassasasiga elektron yo‘naltirish amaliyoti sinovdan o‘tkazilmoqda. 
Bir so‘z bilan aytganda, sifatli tibbiy xizmatga ehtiyoj hech qachon kamaymaydi. Shu bois ushbu sohani yanada rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Eng katta boylik xalqimiz salomatligidir. Sog‘lom xalq esa katta ishlarga qodir bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, sifatli tibbiy xizmatga ehtiyoj hech qachon kamaymaydi. Shu bois ushbu sohani yanada rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega. Eng katta boylik xalqimiz salomatligidir. Sog‘lom xalq esa katta ishlarga qodir bo‘ladi. 

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.