Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot muassasalaridagi sterilizatsiya bo‘limlari talab darajasida emas
20:33 / 2025-09-08

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi hamda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov axborot taqdim etdi.

Deputatlar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi ortgani, aholining ijtimoiy himoyasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va infratuzilmani takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilganini qayd etdi. Shuningdek, Davlat byudjeti ijrosidagi yuqori natijalarni e’tirof etgan holda ayrim muammoli masalalarni atroflicha muhokama qildilar. Xususan, investitsiya dasturlariga kirgan loyihalar, ayniqsa, ta’lim, tibbiy xizmatlar bilan bog‘liq loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani sabablari tahlil qilindi.

Shuningdek, deputatlarning hududlardagi o‘rganishlari davomida tug‘uruq komplekslari, yirik tibbiyot muassasalarida tibbiy asbob-anjomlarni zararsizlantirish, sterilizatsiya qilish ishlari talab darajasida emasligi kuzatilayotgani aytib o‘tildi. Fraksiya vakillari bu borada qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdilar.

Bunga javoban Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddisi hududlardagi tibbiyot maskanlarining sterilizatsiya bo‘limlari 28 foizi autsorsingga berilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 78 ta tuman va shaharda sterilizatsiya tizimi yangidan joriy qilinayotganini aytib o‘tdi.   

Bundan tashqari, yig‘ilishda jamoat transporti sohasi haligacha o‘zini-o‘zi qoplash darajasiga chiqmayotgani, shuning uchun Davlat byudjetidan qo‘llab-quvvatlanayotgani tanqid qilindi. Hukumat vakillarining ta’kidlashicha, jamoat transportida tariflarning qayta ko‘rib chiqilmagani, temir yo‘l infratuzilmasining hozirgi faol talablarga yetarlicha javob bermayotgani, sohada raqobat muhitining rivojlanishi qiyin kechayotgani muammolarga sabab bo‘lmoqda. 

Muhokamalarda O‘zXDP elektorati va dasturiy maqsadlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan bandlik va ish o‘rinlari yaratilishi masalasiga ham e’tibor qaratildi.  

Shundan so‘ng yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, farzandlarga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yoki maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar, shuningdek, 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlaridan foydalanilganda, har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar soliqdan ozod qilinishi kutilmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA