Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot muassasalaridagi muammolar o‘rganildi
15:47 / 2023-12-20

Inson salomatligini asrashda birlamchi tibbiyot muassasalarining o‘rni muhim. Shu bois ham bu borada talay ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni hamda 2022 yil 25 aprelda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan edi.  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi mas’ullari hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari tomonidan Shayxontohur, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlaridagi bir qator oilaviy poliklinikalarda mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.

Aytish kerakki, bugun oilaviy poliklinikalarda ahvol ancha yaxshilangan. Ayrimlari kapital ta’mirdan chiqarilgan bo‘lsa, yana boshqalari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Umuman, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan. Ammo yechimini kutayotgan masalalar ham oz emas.

O‘rganishlar davomida oilaviy poliklinikalarning ayrimlari kapital ta’mirdan chiqarilgani, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan barobarida ayrim kamchiliklar mavjudligi ham aniqlandi.  

– O‘rganishlar davomida ayrim poliklinikalar zamonaviy sanitariya talablariga javob bermasligi, ba’zilarining moddiy-texnik bazasi yetarlicha ta’minlanmagani va malakali kadrlarga ehtiyoj kattaligi ma’lum bo‘ldi, – deydi partiya Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Sirojiddin Shonazarov. – Shu bilan birga, dori-darmon vositalari belgilangan tartib asosida saqlanmayotgani ham aniqlandi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 5-sonli oilaviy poliklinika 7 ta mahallaga, jami 22 ming 273 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatadi. Birinchi navbatda, poliklinikada malakali kadrlar yetishmaydi. Shifokor va oliy ma’lumotli farmatsevtlar uchun jami 32,5 ta shtat birligi ajratilgan bo‘lib, shundan 26,25 tasi band, xolos. 23 mingga yaqin fuqaroga 22 nafar shifokor xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu o‘z-o‘zidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning sifati va davriyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. O‘rta tibbiy va farmatsevt xodimlar uchun jami 72,5 ta shtat birligida ish o‘rinlari ajratilgan. Ammo shulardan 49,5 tasi band, xolos. Shulardan aholiga xizmat ko‘rsatayotgan hamshiralar soni 41 nafarni tashkil qiladi. Bu masala atroflicha o‘rganilganda kadrlar qo‘nimsizligining asosiy sababi oylik maoshlarning kamligi, ish sharoitining qoniqarli emasligi, moddiy-texnik ta’minotning yetarli emasligi ekani ma’lum bo‘ldi.  

O‘rganishlarda aniqlangan masalalar, kamchiliklar deputatlar tomonidan nazoratga olindi.  

 

M.Komilova, O‘zA