O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirlik tizimidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlarni tashkil etish va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tariflarini shakllantirish tartibi;
pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlardan kelib tushgan mablag‘larni sarflash tartibi;
mijozlarni qabul qilish, ular bilan shartnomalar tuzish, shuningdek, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga pulli xizmat ko‘rsatish tartibi belgilab berilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda pulli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun sarflanadigan vaqt va unda bevosita qatnashadigan xodimlar sonini, pulli tibbiy xizmat narxlarini, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun pulli tibbiy xizmatlarga qo‘llaniladigan ustama miqdorlari, qo‘shimcha xizmat turlari va narxlarini, shuningdek, pulli tibbiy xizmat va bir kunlik shifo o‘rin narxini aniqlash kalkulyatsiyasining namunaviy shakllarini tasdiqlaydi.
Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davlat tibbiyot muassasalarida pulli tibbiy va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom:
Vazirlik tizimidagi notibbiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi davlat muassasalari, nodavlat tibbiyot tashkilotlari hamda Vazirlik tizimida bo‘lmagan tibbiyot tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi;
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 oktyabrdagi 826-son qarori bilan tasdiqlangan Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazining namunaviy ustaviga muvofiq faoliyat yurituvchi tibbiyot markazlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 sentyabrdagi PQ-311-son qaroriga muvofiq aholining kafolatlangan paketga kiritilgan tibbiy xizmatlardan bepul foydalanishi, oilaviy shifokorning elektron yo‘llanmasi asosida tekshiruvlardan o‘tkazilishi va davolanishi, ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, tibbiy xizmatlar pulli asosda ko‘rsatilishi belgilangan edi.
O‘zA