Sirdaryo viloyatida ona va bola salomatligini mustahkamlash yo‘lida xalqaro darajadagi muhim qadam tashlandi. Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali, Turkiyaning Medical Park klinikalar guruhi hamda “O‘zbegim” assotsiatsiyasi o‘rtasida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur kelishuv zamonaviy tibbiy xizmatlarni joriy etish, yuqori texnologiyali davolash usullarini qo‘llash hamda mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Memorandum doirasida suyak iligi va organ transplantatsiyasi, onkologiya, yurak-qon tomir jarrohligi, neyroxirurgiya, ortopediya, akusherlik va ginekologiya kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, murakkab klinik holatlarda video aloqa orqali maslahatlashuvni hamda bepul “ikkinchi fikr” xizmatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari uchun Turkiya va O‘zbekistonda qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etiladi.
Hamkorlikni amalda mustahkamlash maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali rahbari, akusher-ginekolog Shahlo Xo‘jayeva Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi. U “Medical Park Antalya” klinikasida zamonaviy tashxis va davolash usullari, yuqori malakali jamoa faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shahlo Xo‘jayeva ta’kidlashicha, uch tomonlama tuzilgan hamkorlik memorandumi Sirdaryo viloyati tibbiyoti uchun muhim imkoniyatlar yaratadi. Medical Park kabi xalqaro nufuzga ega klinikalar tarmog‘i bilan hamkorlik qilish orqali shifokorlarning bilim va tajribasi yanada boyiydi, onalik va bolalik salomatligi sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati oshadi.
Kelgusida Sirdaryo viloyati shifokorlari, jumladan akusher-ginekologlar, neonatologlar, reanimatologlar va hamshiralar uchun Turkiya klinikalarida malaka oshirish kurslari va amaliy stajirovkalar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ayollar salomatligini skrining qilish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va zamonaviy operatsiya jarayonlarini amaliy ravishda o‘zlashtirish imkoniyatlari yaratiladi.
Mazkur memorandum yuridik shartnoma hisoblanmasa-da, u tomonlarning o‘zaro ishonch va hamjihatlik asosida harakat qilishga bo‘lgan qat’iy niyatlarini aks ettiradi. Bu hamkorlik Sirdaryo viloyatida tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan Shahlo Xo‘jayeva Medical Park klinikalarida ilg‘or jarrohlik amaliyotlarida bevosita ishtirok etdi. Xususan, professor va onkoginekolog Mehmet Karaja rahbarligida tuxumdon rak o‘smasi bilan bog‘liq murakkab operatsiyada u ishtirok etdi. Amaliyot yuqori xavfli bo‘lib, o‘smani maksimal darajada to‘liq olib tashlash bilan bir vaqtda bemorning hayotiy muhim a’zolari va reproduktiv funksiyasini saqlab qolishni talab qildi.
– Bunday murakkab onkoginekologik operatsiyalarda har bir qaror nozik muvozanatga asoslanadi, – deydi Shahlo Xo‘jayeva. – Asosiy maqsad — onkologik xavfni bartaraf etish bilan birga ayolning hayoti sifati va reproduktiv salomatligini saqlab qolishdir. Medical Park klinikalarida mazkur prinsip asosida olib borilayotgan amaliyot men uchun katta tajriba bo‘ldi.
Amaliyot davomida qo‘llanilgan diagnostika va jarrohlik yondashuvlari Sirdaryo viloyatida onkoginekologik bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu tajriba mahalliy mutaxassislarga ilg‘or xalqaro texnologiyalar va klinik algoritmlarni o‘zlashtirish imkonini berib, onkologiya sohasida xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri