Tibbiyot — inson hayoti va salomatligi uchun zarur bo‘lgan soha. Mazkur sohada qator islohotlar olib borilayotgani alohida e’tiborga molik. Ushbu yo‘nalishdagi amaliy islohotlar esa tibbiy yordam sifatini va uning aholiga yetkazilish imkoniyatini oshirishga, fuqarolar salomatligini mustahkamlashga hamda kasalliklarning zamonaviy profilaktika tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Shu kunlarda hududlarda bo‘lib turgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qator tibbiyot maskanlariga ham tashrif buyurib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlari bilan tanishmoqda. Jumladan, deputat O.Litvinova "Katta Qo‘yliq" va "Tong" mahallalari, 29-sonli oilaviy poliklinika hamda shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasi faoliyatini o‘rgandi.

Deputat 29-sonli oilaviy poliklinika faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, muassasaning terapevtlar, pediatrlar va oilaviy shifokorlar bilan ta’minlanganligi, aholining profilaktik ko‘riklari tashkil etilishi va yoshi ulug‘ fuqarolarga patronaj yordami ko‘rsatilishi kabi masalalarga e’tibor qaratdi.
Shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasida esa xodimlarning mehnat sharoitlari, bolalarning davolanishi va ovqatlanish jarayonlari, ularning psixologik qo‘llab-quvvatlanishi, sil kasalligini profilaktika qilish va erta aniqlash, sanitariya-epidemiologik va ekologik xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tibbiyot muassasalarida ko‘tarilgan masalalar deputatlik nazoratiga olindi. O‘rganish davomidagi tavsiyalar bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi uchun tegishli davlat organlariga yuboriladi.
M.Komilova, O‘zA