Avval xabar berilganidek, ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari joylarda o‘rganishlar olib borib, xalq bilan muloqot qilmoqda. “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari hududlardagi faoliyati davomida tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mavjud sharoitlarni yaqindan o‘rganmoqda.
Xususan, deputat Oydin Abdullayeva va “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Rasulov Yakkasaroy tumanidagi o‘rganishlari davomida Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika faoliyati bilan tanishdi. Mazkur tibbiyot muassasasining binosi 1936 yilda qurilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Muassasa mutasaddilari o‘tkazilgan suhbat chog‘ida sohadagi masalalarni o‘rtaga tashlab, takliflarini bildirdi.

Muassasada laboratoriya faoliyati, aholi uchun dori-darmonlarning bepul yetkazib berilishi, moddiy-texnika bazasida yetishmagan anjomlar tashabbusli byudjet orqali xarid qilingani bilan bog‘liq masalalar o‘rganildi.
Poliklinika binosi ta’mirga muhtoj. Ammo ta’mirlash ishlari faqatgina Madaniy meros agentligining xulosasi va ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahri Yakkasaroy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha imzolangan 99-son qarorida ushbu muassasaning rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari 2025-2026 yillarda olib borilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu vazifa bajarilishidan hamon darak yo‘qligi aniqlandi. Ushbu masala deputat va mas’ullar tomonidan nazoratga olindi.
***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ziyodbek Yunusov boshchiligidagi ishchi guruh esa Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filialida bo‘lib, nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirdi.

Markazda bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kasalliklarni erta aniqlash va davolash uchun eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Markaz shifokorlari va hamshiralarining malakasi tizimli ravishda oshirib kelinmoqda. Biroq aholi orasida onkologik kasalliklar soni ortgani bois aniqlangan bemorlarni o‘z vaqtida davolash uchun zarur koykalar yetishmaydi.

Jarrohlik amaliyotidan chiqqan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan reanimatsion bo‘lim binoning 4-qavatida joylashgani bois tibbiyot xodimlariga qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Xodimlar ishini yengillashtirish uchun lift o‘rnatish lozim.
Nazorat tahlil tadbirlari davomida bemorlar va ularning yaqinlari bilan ham suhbatlashildi. Ularning taklif va istaklari o‘rganildi.
Shifoxona ichki imkoniyatlari doirasida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA