Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot klasteri qog‘ozlarda emas, amalda o‘zini oqlashi zarur
11:52 / 2023-03-18

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Respublikada birinchilardan bo‘lib Sirdaryo viloyatida bir nechta tibbiy muassasalardan tashkil topgan, yagona boshqaruvga asoslangan Guliston tibbiyot klasteri tashkil etilganiga va ish boshlaganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmadi.

Xo‘sh,u qanday bo‘lishi kerak? Eskicha ishlash uslubidan tubdan farq qiladigan mazkur klasterda aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish, tashxislash va davolash ishlari qanday tashkil etilishi kerak edi? Bugun u aytilgan natijani beryaptimi?  

Guliston tibbiyot klasterida soha xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda ana shu masalalar muhokama etildi. Unda yaqinda tayinlangan Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov ishtirok etib, sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tibbiyot klasterini tashkil etish, tashxislash va davolash borasidagi  muammolar muhokama qilindi.

Tadbirda klaster tashkil etilgandan buyon tashxislash va davolash,  yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi. Biroq sohada muammolar ham borligi aytildi. Byudjet va xo‘jalik asosida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlarida ham ayrim muammolar bor.  

–Xo‘jalik hisobida ishlayotgan 232 nafar o‘rta tibbiyot xodimlariga ish haqi to‘lashda muammolar vujudga kelgan, – dedi boshqarma boshlig‘i H. Hakimov. – To‘g‘ri,  harakat qilindi,  qilinmadi emas. Klaster rahbariyatini eskicha qarashlari sabab o‘tgan yilning noyabr,  dekabr, joriy yil yanvar oyi uchun hisoblangan oylik maoshlar kechikib bo‘lsada to‘lab berildi.  Ammo, fevral oyi uchun hisoblangan ish haqidan 495 million so‘mlik qarzdorlik mavjud.  

Boshqarma boshlig‘i bu masalani xo‘jalik hisobidagi xizmat turlarini ko‘paytirish orqali bartaraf etish mumkinligini ko‘rsatib o‘tdi. Tadbirda ichki tartib qoidalarga ham ahamiyat qaratildi. Tibbiyot klasteri xodimlari o‘rtasida yuzaga kelgan muammolarni tartibga solish,  Guliston tibbiyot klasteri faoliyati faqat qog‘ozlarda emas,  amalda ham o‘zini oqlashi,  shunga yarasha tibbiy xizmat turlari yaxshi yo‘lga qo‘yilishi zarurligi yuzasidan soha xodimlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA