Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiyot: kadrlar salohiyati va tizimli islohotlar – ustuvor yo‘nalish
16:01 / 2026-01-06

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari ustuvor yo‘nalishlar qatorida belgilandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan vazifalar tibbiy kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, sohaga xalqaro standartlarni joriy etish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish hamda aholi salomatligiga eng katta xavf solayotgan kasalliklar bilan kurashishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Murojaatnomada qayd etilganidek, sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar alohida yo‘nalishlar emas, balki o‘zaro bog‘liq, uzviy va tizimli yondashuv asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Kadrlar, infratuzilma, moliya va profilaktika masalalarining bir zanjirga bog‘lanishi ushbu strategiyaning asosini tashkil etadi.

Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, tibbiyot sohasidagi islohotlarning markazida inson omili — malakali kadrlar turadi. Shu nuqtai nazardan, Murojaatnomada hamshiralik ta’limini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi.  

Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hamkorlikda har bir hududda bittadan texnikumda xalqaro standartlarga mos hamshiralar tayyorlash boshlangani bu yo‘nalishdagi muhim qadamdir.

Shuningdek, ushbu texnikumlarda Germaniya, Shveysariya, AQSH va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarning ta’lim dasturlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali amaliy ko‘nikmalarga ega, zamonaviy tibbiy protokollarni biladigan, xorijiy tillarda muloqot qila oladigan hamshiralar tarkibini shakllantirish maqsad qilingan. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, aynan hamshiralar instituti kuchli bo‘lgan davlatlarda tibbiy xizmat sifati yuqori darajada ta’minlanadi.

Shuningdek, Murojaatnomada sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar davom ettirilishi alohida ta’kidlandi. Raqamli tibbiyot – bu faqat elektron kartalar yoki navbatlar emas, balki butun tizimni shaffof, boshqaruvchan va samarali qilish vositasidir. Ma’lumotlar almashinuvi, tashxis va davolash jarayonlarini muvofiqlashtirish, tibbiy qarorlarni tahlil asosida qabul qilish imkoniyati raqamlashtirish orqali kengayadi.

Shu bilan birga, tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish uchun “master reja” ishlab chiqilishi belgilandi. Bu hujjat orqali muassasalarning joylashuvi, ixtisoslashuvi, quvvati va infratuzilmasi umumiy strategiyaga muvofiq ravishda shakllantiriladi. Bu esa mablag‘lardan samarali foydalanish va aholi uchun tibbiy xizmatlarning teng taqsimlanishini ta’minlaydi.

Bugungi kunda dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham o‘lim va nogironlik holatlarining asosiy qismi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yurak-qon tomir kasalliklari, onkologik va nefrologik xastaliklar uzoq vaqt davomida yashirin kechishi, kech aniqlanishi va katta ijtimoiy-iqtisodiy yuk keltirishi bilan xavflidir.

O‘zbekistonda umumiy o‘lim holatlarining katta qismi yurak-qon tomir kasalliklari hissasiga to‘g‘ri keladi. Infarkt va insult ko‘p hollarda to‘satdan rivojlanib, qisqa vaqt ichida og‘ir asoratlarga olib keladi. Xalqaro amaliyotda bu kasalliklar bilan kurashishda erta tashxis va tezkor tibbiy yordam hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani e’tirof etilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda kardiologiya va nevrologiya xizmatlari rivojlantirilib, ixtisoslashtirilgan markazlar tashkil etildi, zamonaviy uskunalar joriy etilmoqda. Biroq sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, qon bosimi va qand miqdorini nazorat qilish madaniyatini oshirish hali ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Onkologik kasalliklar ham aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu xastaliklarning asosiy muammosi – ko‘p hollarda kech aniqlanishi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, skrining dasturlari, aholining tibbiy xabardorligini oshirish va zamonaviy diagnostika usullarini joriy etish orqali onkologik kasalliklarni ilk bosqichlarda aniqlash mumkin.

O‘zbekistonda onkologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda bir qancha qarorlar qabul qilindi, yangi markazlar barpo etildi, davolash usullari kengaymoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar aynan shu yo‘nalishdagi islohotlarni yanada jadallashtirishga xizmat qilayotir.

Nefrologik kasalliklar, ayniqsa surunkali buyrak yetishmovchiligi, ko‘p hollarda qandli diabet va gipertoniya bilan bog‘liq holda rivojlanadi. Ular uzoq vaqt sezilmasdan kechib, keyinchalik dializ yoki transplantatsiyani talab qiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda dializ xizmatlari kengaytirildi, nefrologiya va transplantatsiya sohalarida huquqiy va tashkiliy asoslar mustahkamlanmoqda. Bu yo‘nalishlar aholi salomatligini saqlash bilan birga, inson hayotini uzaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ona va bola salomatligi hamda vaksinatsiya tizimi jamoat salomatligining poydevori hisoblanadi. Bu yo‘nalishlardagi har bir sarmoya uzoq muddatli ijtimoiy samara beradi. Vaksinatsiya orqali ko‘plab xavfli kasalliklarning oldi olinadi, ona va bola salomatligini muhofaza qilish orqali esa sog‘lom avlod shakllantiriladi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda perinatal xizmatlar rivojlantirildi, immunoprofilaktika dasturlari kengaytirildi. Bu esa aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Murojaatnomada belgilangan vazifalar sog‘liqni saqlash tizimini qisqa muddatli choralar orqali emas, balki uzoq muddatli, barqaror rivojlanish modeli asosida takomillashtirishga qaratilgan. Kadrlar tayyorlash, raqamlashtirish, boshqaruvni isloh qilish va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bilan kurashishga qaratilgan 3,5 trillion so‘mlik mablag‘lar aholi salomatligini muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga chiqqaniga yaqqol dalildir.

Umuman olganda, ushbu islohotlar natijasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tariladi, aholi uchun tibbiy xizmatlar yanada ochiq, samarali va zamonaviy bo‘ladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA