Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutida “Barqaror ekologiya va global salomatlik” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Ushbu muhim ilmiy tadbir institut va Koreya universiteti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda respublika olimlaridan tashqari, Koreya universitetining 20 nafarga yaqin yetakchi professor-o‘qituvchisi, magistrantlar, doktorantlar va talabalar ishtirok etishdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida tuzilgan diplomatik kelishuvlar, ularning ijobiy natijalariga to‘xtalishdi. Shuningdek, ikki tomonlama ilmiy aloqalarning bugungi natijasi va istiqboli haqida ma’lumot berildi.

Tadbir davomida ekologiya va sog‘liqni saqlashga oid dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Ushbu ma’ruzalarda ichimlik suvi sifati, Orolning qurigan tubidan ko‘tarilayotgan chang va tuzlarning aholi salomatligi hamda iqlimga, shuningdek qo‘shni mintaqalarga salbiy ta’siri, Koreyadagi radonlarni kamaytirish texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va infeksiyalarni nazorat qilish tizimlarining qiyosiy tahlili ilmiy asosda yoritildi. Anjuman davomida O‘zbekiston va Koreya olimlari iqlim o‘zgarishlari, ekologik muammolar va ularning aholi salomatligiga ta’siri bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.

Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar Mo‘ynoq tumanida bo‘lishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri