“Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan Jizzax shahrida soha vakillariga davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soha fidoiylarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq, bir guruh jizzaxlik tibbiyot xodimlari ham yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi.
Tantanada sog‘liqni saqlash tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilib, aholi salomatligini muhofaza etishga bilim va tajribasi bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha xodimlari ishtirok etishdi.
[gallery-26161]
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev barcha tibbiyot xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy qutlab, ularga davlat mukofotlarini tantanali tarzda topshirdi.
Prezident farmoniga binoan, Paxtakor tumanidagi “Mingchinor” oilaviy shifokorlik punkti shifokori Karomat Abdinazarova “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
– Kamtarona xizmatlarim uchun berilgan bu mukofotni bir mening emas, balki butun jamoamizning yutug‘i deb bilaman. Chunki sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lida har bir hamkasbim fidokorona mehnat qilmoqda, – dedi Karomat Abdinazarova minnatdorlik bilan.
Shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax viloyati filiali anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limi mudiri Anvar Ochilov hamda Respublika tez tibbiy yordam markazining Baxmal tumani bo‘limi haydovchisi Hoshim Qurbonov II darajali “Salomatlik” ordeni bilan, Respublika tez tibbiy yordam markazining Jizzax viloyati filiali shifokori Gulnora Yo‘ldoshevalar “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlanishdi.
Mirzacho‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi patronaj hamshirasi Ra’no Atajanova esa “Do‘stlik” ordeniga sazovor bo‘lib, u o‘z mukofotini Respublika miqyosidagi markaziy tadbirda qabul qildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, mamlakatimizda tibbiyot tizimini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli ana shunday fidoiy mutaxassislarning mehnati beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari