Davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Qarshi davlat universitetida Tibbiyot fakulteti tashkil etildi.
Fakultetda davolash ishi va pediatriya ishi ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, ayni vaqtda 300 nafardan ziyod talaba tahsil oladi. 2022-2023 o‘quv yilida tibbiyot fanlari kafedrasi tashkil etilib, 3 nafar tibbiyot fanlari nomzodi, 10 nafar tibbiyot institutlarini tamomlagan yosh shifokorlar jalb qilindi. O‘quv dasturlaridan kelib chiqqan holda qiymati 6 milliard so‘mlik darslik, atlas, adabiyotlar va o‘quv laboratoriya jihozlari xarid qilindi.
[gallery-9953]
Shuningdek, talabalar amaliyotlarini tashkil etish uchun Qarshi shahrida joylashgan 18 ta tibbiyot muassasalari belgilandi va ular bilan hamkorlik shartnomalari imzolanib, talabalarning mazkur klinikalarda amaliyot o‘tishlari yo‘lga qo‘yildi. Kelgusida ushbu davolash profilaktika muassasalarida kafedralar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, universitetda tibbiy bo‘lim tashkil etilib, laboratoriya va fizioterapiya jihozlari bilan ta’minlandi. Xalqaro hamkorlik doirasida Xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti negizida Qarshi davlat universiteti hamda Rossiya Federatsiyasi Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti o‘rtasida 2021 yil 9 iyulda imzolangan shartnoma asosida davolash ishi va pediatriya ishi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari ochilgan bo‘lib, joriy o‘quv yilida 70 nafar talabalar tahsil olmoqda.
Ushbu fakultet uchun har tomonlama qulay, barcha sharoitlarga ega yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. O‘quv binosidan 2 ta ma’ruza zali, 12 ta shinam o‘quv auditoriyalari, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan biokimyo va mikrobiologiya o‘quv laboratoriya xonalari o‘rin olgan. Ahamiyatlisi, ilgari 1500 o‘rinli bo‘lgan ushbu mahobatli o‘quv binosining sig‘imi mukammal ta’mirdan so‘ng 2400 o‘ringa kengaydi. Shuningdek, tibbiyot faniga oid mingdan ortiq elektron va 180 dona o‘quv, ilmiy adabiyotlardan iborat shinam kutubxona va innovatsion loyihalarni yaratish hamda ularni rivojlantirish maqsadida bo‘lgan yoshlar uchun zamonaviy inkubatsion markazi ertamiz egalarining qulay sharoitlarda sifatli va puxta bilim olishlarini ta’minlaydi.
Binoning tantanali ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.