Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov AQSHning “Sayar green” kompaniyasi loyiha rahbari Stanislav Kushnir boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi loyihani amalga oshirish borasida fikr almashildi.
Ta’kidlanishicha, “Sayar green” kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi ikki bosqichli bo‘lib, ushbu kompaniya O‘zbekistonning barcha hududida tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi zavodlar quradi. Birinchi bosqich Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarining barcha turdagi tibbiyot muassasalarini qamrab oladi. Uning qiymati 7 million AQSH dollari bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinadi.

Mazkur uch hududda bir yilda hosil bo‘ladigan 6 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, yiliga 20 GVt soat quvvatga ega uskunalarni ishga tushirish belgilangan. Buxorodagi loyiha qiymati 1,7 million AQSH dollariga teng bo‘lib, u respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialining sobiq qozonxonasida amalga oshiriladi va tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish orqali issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi.

Botir Zaripov tibbiyot chiqindilarini samarali utilizatsiya qilishga mo‘ljallangan ushbu loyihani to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.