Nukus tuman tibbiyot birlashmasi binosida ayni paytda loyiha qiymati 12 milliard 665 million so‘mdan ziyodni tashkil etgan rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
«Qoraqalpoq qurilish montaj boshqarmasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bu yerda 40 o‘ringa mo‘ljallangan tug‘ruqxona, qabul, diagnostika, fizioterapiya, reanimatsiya va jarrohlik bo‘limlari, klinik va biokimyo laboratoriyada qurilish va ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda bajarilmoqda. Ob’ekt mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
–Tibbiyot birlashmasi binosini belgilangan muddatda, sifatli holda foydalanishga topshirish choralarini ko‘ryapmiz, – deydi «Qoraqalpoq qurilish montaj boshqarmasi» mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Aqboy Naxipov. –Ob’ekt qurilishida dastlabki kunlari 300 nafarga yaqin ishchi-xodim ishtirok etgan bo‘lsa, yakuniy bosqichda 70 nafarga yaqini mehnat qilmoqda.
Mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan shuningdek, Bo‘zatov tumanida aholiga toza ichimlik suvi yetkazib beruvchi stansiya, Nukus shahrida davlat va siyosiy arbob Allayar Dosnazarov byusti, O‘zbekiston Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasining qo‘shimcha binolari va boshqa ob’ektlar bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.
Korxona qoshida shuningdek, oyna romlari va MDF eshiklar ishlab chiqarish sexi faoliyat yuritmoqda. Kelgusida qurilish uchun zarur materiallarni ishlab chiqarish tarmog‘i ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Maqsad HABIBULLAEV(surat), O‘zA