Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tibbiyot atamalarining izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
16:56 / 2023-04-11

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 687 yilligiga bag‘ishlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Buyuk Temur va tibbiyot” mavzusida tadbir tashkil etildi.

— Sohibqiron Amir Temur asos solgan davlat tariximizda o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan, — deydi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. —Bunday davlatda albatta xalqning sog‘lig‘i birinchi o‘rinda turgan. Amir Temurning Fazlulloh Tabriziy ismli xos tabibi bo‘lgan. Sohibqironga doimiy ravishda tabib zarur bo‘lgan. Chunki 50 yoshdan keyin tizzalari og‘rib, bezovta qilgan. Fazlulloh Tabriziy uning oyoqlarini davolagan.

Amir Temur davlatning muvaffaqiyatini odamlarning salomatligisiz rivojlantirib bo‘lmasligini yaxshi bilgan. “Temur tuzuklari”da ham madrasalar qatorida ko‘plab shifoxonalar qurilgani haqida keltirib o‘tilgan.

Shuningdek, tadbirda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan “Tibbiyot atamalarining izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

— Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga asosan jamg‘arma oldiga 5 ta asosiy vazifa qo‘yilgan, — deydi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov. — Bu vazifalarning asosiylaridan biri – sohalarga taalluqli bo‘lgan lug‘atlarni nashr etishdan iborat. Bugun biz aynan “Tibbiyot atamalarining izohli lug‘ati” kitobining taqdimotini o‘tkazdik.

Ushbu kitobda 10 mingga yaqin so‘zlar jamlangan. Kitobning qulayligi boshqa tillar bilan uyg‘unligida. Bu kitobdan sog‘liqni saqlash tizimidagi xodimlar, oliy o‘quv yurti talabalari, ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari keng foydalanishlari mumkin.

Tadbir so‘ngida savol-javoblar hamda badiiy chiqishlar tashkil etildi.

N.Rahmonova, O‘zA