Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxoro viloyatidagi uzoq qishloqlarda ham ixcham va qulay tibbiyot maskanlari ochilmoqda.
Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida Romitan tumani 4-sektorga qarashli “Poyjo‘y” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla tibbiyot punkti ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tuman tibbiyot birlashmasi mas’ullari, shifokorlar, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.




Tadbirda tuman hokimi Umidjon Barnoyev so‘zga chiqdi. Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi.




–Tibbiyot shoxobchasi (konteyner)ning foydalanishga topshirilishi aholining uzog‘ini yaqin qildi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Jamshid Tohirov. –Endilikda tibbiy uskunalar, dori-darmonlar, zamonaviy aloqa vositalari bilan jihozlangan tibbiy punktlar qishloq aholisi uchun xizmat ko‘rsatadi. Tibbiyot punktlarida elektr, suv, kanalizatsiya tarmoqlari ulab berilgan, qishda issiq, yozda salqinligi uchun ham hech qanday muammolarga o‘rin yo‘q. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi.
Zarif Komilov, O‘zA