Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy xizmat: Sirdaryo tajribasi o‘rganilmoqda
11:11 / 2022-07-05

Sirdaryoda 2023 yildan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bilan bog‘liq tajriba-sinov ishlari tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyat sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.

Mazkur loyiha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.

Seminarda davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 noyabrdagi "Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori, unda nazarda tutilgan vazifalar ijrosi muhokama etildi.

O‘quv-amaliy seminar ishtirokchilariga Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, uning quyi tuzilmalarida aholini ambulatoriya sharoitida bepul dori vositalari bilan ta’minlash, reimbursatsiya(xalqaro sog‘liqni saqlash amaliyotida sog‘liqni saqlash tizimi aholi uchun dori vositalari va tibbiy xizmatlarning mavjudligiga ta’sir qilish jarayoni), uning maqsad va vazifalari, moliyalashtirish tizimi, Sirdaryo va boshqa viloyat hududlariga joriy etish mexanizmlari bilan bog‘liq ishlar tushuntirib berildi.

So‘ng, Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 3-oilaviy poliklinika, Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, Sardoba tumanidagi 26-oilaviy poliklinika, Boyovut tumanidagi 7-oilaviy poliklinika hamda Guliston tibbiyot klasteriga borildi.

– Sirdaryolik mutaxassislar tomonidan davlat tibbiy sug‘urtasi bilan bog‘liq tajriba-sinov loyihasini aprobatsiyadan o‘tkazish jarayonida qanday muammolarga duch kelingani, uni qay tartibda bartaraf etilgani to‘g‘risida fikrlashdik, – deydi Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Umidjon Bo‘riyev. – Shu bilan birga ular tomonidan oilaviy shifokorlarga aholini biriktirish holati, MIS dasturi asosida ishni tashkil etish, oilaviy shifokor qabuliga navbatdan oldin yozilish, qabulga kirish, oilaviy shifokor tomonidan tor soha mutaxassislariga yo‘llanma berish tartibi, shifoxonaga yotqizish mezonlari, poliklinikalarda tashkil etilgan “tibbiy brigada”lar faoliyati, shifokor oldi ko‘rigi xonalari va u yerda ish faoliyatini olib borayotgan amaliyotchi hamshiralar vazifasi yaqindan tanishtirildi. 

Bu esa, 2023 yildan Surxondaryo, qolaversa boshqa viloyat sog‘liqni saqlash tizimiga davlat tibbiy sug‘urtasi bilan bog‘liq ishlarni joriy etishda nihoyatda qo‘l keladi. Endi bu yerda o‘rganganlarimiz asosida o‘z viloyatimizda ham o‘quv-amaliy seminar tashkil etib, xodimlarni tayyorlaymiz.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA