Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, “GX” xayriya jamg‘armasi raisi Lyan Chjen’in boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar tashrif davomida Samarqandning betakror tarixiy obidalari bilan birgalikda viloyatdagi qator tibbiy muassasalarga tashrif buyurib, tibbiy xizmat sifati, aholi o‘rtasida ko‘p kuzatilayotgan xastaliklar, bolalar tibbiyotida qo‘llanilayotgan davolash tizimi, jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, delegatsiya Pastdarg‘om tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasi, Samarqand davlat tibbiyot universitetining bolalar xirurgiya markazi, Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida yaratilgan sharoitlarni bevosita kuzatib, u yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, davolanayotgan bemorlar bilan muloqot qildi.
- Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalari tobora yuksalib bormoqda, - dedi Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, “GX” xayriya jamg‘armasi raisi Lyan Chjen’in.
– Bizning tashrifimiz ham ushbu do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Keyingi vaqtda sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talab ortib, sohada raqamlashtirish keng avj olmoqda. Afsuski, dunyo miqyosida tibbiy xizmat sifati past, mutaxassis kadrlarning yetarli malakaga ega emasligi kabi salbiy holatlar uchraydi. Jamg‘armamiz ushbu jarayonlarni imkon darajasida kamaytirib, sohaga zamonaviy yondashuvni keng tatbiq etishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
[gallery-26145]
Samarqanddagi tibbiyot muassasalari bilan tanishuv davomida ham tibbiyotdagi asosiy muammolar nimalardan iborat ekanligi, ularni bartaraf etishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgn jihatlar haqida mutaxassislar bilan fikrlashib oldik. O‘ylaymanki, hamkorligimiz yanada mustahkamlanadi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA