Yurtimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, aholi sog‘ligini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda qilinayotgan har bir ezgu amal, har bir islohot “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan olib borilmoqda.
Jumladan, Navoiy viloyati markazidan 60 kilometr uzoqda joylashgan Zafarobod qo‘rg‘onida ham tibbiy xizmatlar sifati sezilarli o‘zgarmoqda. Ilgari faqat katta shifoxonalarda uchrash mumkin bo‘lgan amaliyotlar endilikda shu hududning o‘zida amalga oshirilyapti. Bunga “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasiga qarashli “Zafarobod” hududiy boshqarmasi tibbiy sanitariya qismida olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy uskunalar va malakali mutaxassislar mehnati natijasida erishilmoqda.

2024 yil davomida muassasa poliklinikasida 98 mingga yaqin bemor qabul qilindi, 3 mingdan ortiq bemor statsionarda davolandi. Tibbiy xizmat qamrovi ortib, hudud aholisining shifoxonaga bo‘lgan ishonchi ham kuchaydi. Eng muhimi, bugungi kunda odamlar davolanish uchun uzoq yo‘l bosib viloyat markaziga borishga majbur emas.

– So‘nggi yillarda eng katta o‘zgarishlardan biri — yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlarining joylarda yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi, – deydi “Zafarobod” tibbiy sanitariya qismi boshlig‘i Ilhomiddin Pirmatov. – Ilgarilari laparoskopik operatsiya yoki varikoz uchun lazerli davolashni faqat viloyat markazida amalga oshirish mumkin edi. Bugun esa ushbu murakkab amaliyotlar o‘zimizda bajarilmoqda. 2024 yildagi 362 ta jarrohlik amaliyotidan 31 tasi yuqori texnologik operatsiyalar bo‘lib, sanitariya qismimizda faoliyat olib borayotgan malakali shifokorlarimiz tomonidan bajarildi.

Shifo maskanida tashxis qo‘yish bo‘yicha ham katta qadam tashlandi. Muassasaga avtorefraktometr, kontaktsiz tonometr, tirqishli lampa va IFA analizator kabi zamonaviy uskunalar keltirilishi orqali ko‘z, qon va immunologiyaga oid ko‘plab kasalliklar erta aniqlanib, muolaja imkoniyatlari oshirilmoqda. Yo‘l-transport hodisalarida jarohat olgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan shoshilinch yordam sifati ham oshdi. Jumladan, 2024 yilning o‘zida 227 nafar jabrlanuvchiga tez va malakali yordam ko‘rsatildi.

2025 yil esa tibbiyot tizimi uchun yangi bosqich bo‘ldi. “Navoiyuran” davlat korxonasi ko‘magida zamonaviy reanimobil xarid qilindi.
Xotin-qizlar salomatligi bo‘yicha ham muhim yangilik amalga oshirildi, bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlovchi videokolposkopiya usuli amaliyotga joriy etildi. Bu texnologiya ko‘plab ayollarning hayotini saqlab qolish imkonini yaratadi. Stomatologiya bo‘limida esa radioviziograf o‘rnatilib, tish kasalliklarini tez va aniq tasxish qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ldi.


Muassasada mutaxassislar malakasini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shifokorlar respublika va xorijdagi kurslarda ishtirok etib, zamonaviy tibbiyot tajribasini o‘rganib qaytmoqda. Bularning barchasi ortida Zafarobod aholisiga sifatli, xavfsiz va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadi turganligi ahamiyatlidir.

Eng muhimi, yirik tibbiy markazlardagina uchraydigan sharoitlar bugun Zafarobodda ham mavjud. Hudud tibbiyoti nafaqat o‘zgarmoqda, balki yuksalib boryapti. 2026 yilga qadar yana qator yangi texnologiyalar, xizmat turlari va xalqaro standartlar asosida malaka oshirish dasturlari joriy etilishi rejalashtirilgan. Demak, Zafarobodda har bir bemor uchun zamonaviy, qulay va ishonchli tibbiy xizmat yanada yaqinlashmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri