Keyingi yillarda yurtimizda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini ko‘tarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buni Andijon viloyatida birgina 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda viloyat aholisiga sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi 218 ta birlamchi tibbiyot muassasasi, 37 ta shifoxona, shuningdek, 23 ta viloyat tibbiyot muassasasi tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, 590 ta ambulator, 227 ta statsionar sharoitda davolash imkoniga ega, jami 817 ta xususiy tibbiyot muassasasi ham 46 turdagi ixtisoslik bo‘yicha fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.
– Bu boradagi ishlar sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan zarur barcha choralar ko‘rib chiqilmoqda, – deydi Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirzajonov. – Birgina o‘tgan yilning o‘zida aholiga tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirish maqsadida viloyatda 3 ta oilaviy poliklinika, 10 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etilib, ishga tushirildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam faoliyatini yaxshilash maqsadida tez yordam markazlari uchun 65 ta yangi “Volkswagen Caddy” avtotransporti olib kelindi, raqamli ratsiya aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, Koll-markazi va GPS-navigatsiya tizimi to‘liq ishga tushirildi, natijada tez yordam xizmatining bemor oldiga yetib borishiga ketadigan vaqt birmuncha qisqardi.
Viloyatda tez tibbiy yordam transport vositalarining yoqilg‘i ta’minoti 5 barobarga, dori-darmon ta’minoti qariyb 20 barobarga ortdi.
Magistral yo‘llarda joylashgan Qo‘rg‘ontepa, Shahrixon va Asaka tumanlari markaziy shifoxonalari negizida tumanlararo bo‘limlar tashkil etilib, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Mazkur bo‘limlarda shikastlangan fuqarolarga zudlik bilan malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, og‘ir holatda jarohatlangan kishilar hayotini saqlab qolish imkoniyati ortdi.
Osiyo taraqqiyot banki investitsiya mablag‘lari hisobidan viloyat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari 1 million 788 ming dollardan ziyod qiymatdagi 14 turdagi yangi, zamonaviy tibbiy apparatlar bilan ta’minlandi. Jumladan, taqdim etilgan 67 ta UTT, 67 ta EKG, 9 ta portativ rentgen, 30 ta IVL apparati xastaliklarni erta aniqlash va davolash ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan shoshilinch tibbiy yordamni yanada yaxshilash maqsadida investitsiya dasturi doirasida Respublika shoshilinch tez yordam markazida 56 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, yangi bolalar bo‘limi majmuasi tashkil etildi. Bundan tashqari, erta davolash va diagnostika amaliyotini yo‘lga qo‘yish maqsadida 3,5 milliard so‘mlik kompyuter tomografiya va 6,5 milliard so‘mlik angiografiya apparati olib kelindi.
[gallery-15607]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Respublika ixtisoslashtirilgan Onalar va bolalar salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon filiali tashkil etildi. Filialda 30 o‘ringa mo‘ljallangan kasallikka moyil chaqaloqlar bo‘limi faoliyat boshladi. Shuningdek, onalar va go‘daklar o‘limini kamaytirish maqsadida viloyatning Paxtaobod, Shahrixon va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida tumanlararo perinatal markazlari tashkil etildi.
Onalar va bolalar salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot hamda tumanlararo perinatal markazlarida homilador ayollar va chaqaloqlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur barcha sharoit yaratildi.
Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida endoprotezlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi ham fuqarolarga qulaylik yaratdi. Avval Toshkentda yoki xorijda qilinadigan bunday jarrohlik amaliyotlari endilikda Andijonning o‘zida amalga oshirilmoqda. Ayni kunga qadar mazkur markazda 200 nafardan ortiq bemorda tibbiy sug‘urta mablag‘lari va mahalla xayriya jamg‘armasi hisobidan endoprotezlash, ya’ni yaramay qolgan oyoqqa sun’iy temir bo‘g‘imlar o‘rnatish operatsiyalari amalga oshirildi.
Shuningdek, markazning neyroxirurgiya bo‘limida bosh miya chuqur o‘smalari jarrohlik amaliyotini o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yildi. Markazda bu kabi jarrohlik amaliyotlari ham avval bajarilmagan edi. Hozirga qadar 20 nafardan ortiq bemorda ana shunday jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.
Markazning Travmatologiya- ortopediya bo‘limiga esa yangi artroskop apparati olib kelindi. Ushbu apparat bemorlar tizza bo‘g‘imidagi paylarni davolashda qo‘llaniladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda aholi salomatligini saqlashga qaratilayotgan e’tibor, tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Andijonda ham tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari