Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali angiografiya bo‘limiga yangi zamonaviy uskuna keltirildi. Mazkur bo‘lim 920 million so‘m mahalliy byudjet mablag‘i evaziga rekonstruksiya qilinib, fuqarolarga eng birinchi, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 550 million AQSH dollari evaziga angiografiya tibbiy uskunasi o‘rnatildi.
Shu munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hamda shahar hokimligi, sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurbayev so‘zga chiqib, bugungi kunda tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, kadrlar salohiyati va aholi salomatligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida gapirdi.
Mazkur uskunadan samarali foydalanish maqsadida Markazga 1 nafar tajribali intervension kardiolog shifokor jalb qilingan. Markazning 2 nafar shifokori maxsus kursda o‘qitildi. 3 nafar o‘rta tibbiy xodim Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi angiografiya bo‘limida malaka oshirib keldi. Shuningdek, hozir yana 2 nafar shifokor xodim malaka oshirish institutida o‘qitilmoqda.

Endilikda bemorlar o‘z salomatliklarini tiklash uchun poytaxtga yoki bo‘lmasa qo‘shni viloyatlarga qatnamaydi. Shu yerning o‘zida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Natijada bir yilda 100 dan ortiq miokard infarktining oldi olinadi. 300 nafardan ziyod infarktoldi va infarktdan keyingi holatdagi bemorlar, 100 nafardan ortiq ishemik insult bilan og‘rigan bemorlarga yuqori texnologik yordam ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, tuman, shahar tibbiyot birlashmalaridagi soha mutaxassislari bilan telemeditsina orqali aloqa yo‘lga qo‘yiladi.
–Ushbu tibbiy jihoz yordamida koronografiya, yurak toj tomirlarini stentlash va tromblarni olib tashlash, elektrokardiostimulyator o‘rnatish, bosh miya qon tomirlarini stendlash va tromblarni olish, buyrak arteriyalarini stendlash, oyoq qon-tomirlarini stendlash va kengaytirish, bachadon miomasini embolizatsiya qilish kabi tibbiy amaliyotlarni amalga oshirish imkoniyati yaratildi, – dedi angiografiya bo‘limi boshlig‘i Shahzod Asqarov. – Ayni kunda viloyatimizda 50 yoshdan yuqori aholining 25-30 foizi yurak ishemik kasalligi bilan dispanser nazoratida turadi. Shunisi ahamiyatliki, aholining juda ko‘p qismi markazga yurak ishemik kasalligi sababli birinchi yordam olish maqsadida murojaat qiladi. Buni statistika bilan qayd etadigan bo‘lsak, 2023 yil bo‘yicha yurak xuruji bilan tushgan 116 nafar bemorning 37 nafariga erta diagnostika qilinmaganligi sababli miokard infarkti tashxisi qo‘yilgan. Shu kasallik bilan murojaat qilib statsionar yotqizilgan 201 nafar bemordan 57 nafarida biologik o‘lim qayd etilgan. Endilikda yuqorida keltirilgan holatlarning oldi olinishida bizda imkoniyat yaratildi.

Tadbir so‘nggida yig‘ilganlar zamon talablariga mos tarzda jahozlangan angiografiya bo‘limida bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari