Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 60 o‘rinli Toshkent shahar filiali mukammal ta’mirlash ishlaridan so‘ng o‘z faoliyatini boshladi. Bu yerda bemorlarga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Xususan, qabul diagnostika, nevrologiya hamda reanimatsiya bo‘limlariga alohida e’tibor qaratilgan.
Ta’mirlash ishlaridan so‘ng, shifoxonada fizioterapiya xizmatlari yanada takomillashdi. Magnitoterapiya, UVCH, elektroforez va shifobaxsh jismoniy mashqlar kabi zamonaviy usullar yordamida samarali reabilitatsiya o‘tkaziladi.

Asosiysi, “O‘tkir osti sklerozlovchi panenssefalit” tashxisi bilan nazoratda turgan bolalarni shifoxona sharoitida belgilangan standartlar asosida davolash uchun kerakli bo‘lgan dori vositalari bilan ta’minlangan. Aytish mumkin, qurilish-ta’mirlash ishlari uchun besh milliard so‘mga yaqin mablag‘lar sarf etilgan.
– Hozir hudud bo‘yicha bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 1 ming 155 o‘rinli tibbiyot muassasalari bor. Jumladan, bitta 260 o‘rinli viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi, ikkita alohida yuridik maqomga ega Angren shahrida 82 o‘rinli va Olmaliq shahrida 87 o‘rinli bolalar shifoxonalari, 18 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining bolalar bo‘limlari, bitta bolalar sil kasalliklari shifoxonasi va bitta bolalar sil kasalliklar sihatgohi bor. Muhimi, davlatimiz tomonidan mazkur yo‘nalishga qaratilayotgan e’tibor tufayli yil sayin bolalar salomatligi tiklash borasidagi ishlar yanada yaxshilanmoqda, – deydi Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva.

A.Musayev,O‘zA