Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti sog‘liqni saqlash tizimidagi juda ko‘p muammolarni ochib berdi va soha istiqbolini yanada oydinlashtirdi. Bu mamlakatimizda xalq salomatligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil siyosatning bevosita davomi va yorqin namunasidir. Kelgusida tibbiyotni rivojlantirishning 7 ta asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ularning barchasi tibbiy xizmat sifatini yaxshilab, xalqimiz sog‘lig‘ini kafolatli saqlashga qaratilgan ezgu maqsadlardir.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjat bilan 2021-2022 yillar davomida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida 35 ta tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Shunday markazlardan biri Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida o‘tgan yili tashkil etildi. Mazkur qarorning yana bir ahamiyatli tomoni 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab oliy tibbiyot ta’lim muassasalarida nefrologiya va gemodializ kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binolarini qurish va rekonstruksiya qilish choralari ham ko‘riladi.
Bu yil qabul qilingan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi 2022-2026 yillardagi bunyodkorlik jarayonini qamrab olgan. Strategiyada yettita ustuvor yo‘nalish belgilangan bo‘lib, har bir yo‘nalish zamirida inson qadrini ta’minlashdek ulug‘ maqsad mujassam. Kelgusida ushbu hujjat doirasida bir qator konsepsiya va dasturlar, 13 ta kodeks, 12 ta qonun va o‘nlab qonun osti hujjatlari qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Taraqqiyot strategiyasida ko‘pgina sohalar qatori aholi salomatligini ta’minlash bilan bog‘liq qator maqsad va vazifalar qamrab olingan. Jumladan, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish va qulayligini oshirish maqsadida respublika hududlarida tibbiyot klasterlarini tashkil etish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish rejalashtirilgan.
Kechagi ochiq muloqotda Prezidentimiz birlamchi tibbiy xizmatni yanada aholiga yaqinlashtirishni maqsad qilib qo‘ydi. 2022 yilda 136 ta va 2023 yilda yana 140 ta yangi poliklinika faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, 2023 yildan boshlab joylardagi poliklinika filiallari negizida 1 ming 100 ta oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi. Umuman olganda, yuqoridagi chora-tadbirlarning barchasi yurtimizda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Alisher RAJABOV,
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi
Tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilish boshqarmasi
Buxoro viloyati bo‘limi boshlig‘i