Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida «Elektron poliklinika» axborot tizimini joriy etiladi. Tumandagi 13 ta sog‘liqni saqlash muassasalarini zarur kompyuter texnika va qurilmalar (printer, elektron tablo, POS printer va boshqalar) bilan jihozlash ko‘zda tutilgan edi.
Shu maqsadda G‘ijduvon tumani tibbiyot birlashmasiga 54 ta kompyuter jamlanmasi davlat mablag‘lari hisobiga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yetkazib berildi. Ular tumandagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va OP, OSHP larga belgilangan taqsimot bo‘yicha tarqatildi. Buning natijasida endilikda shifokorlar bemorlarni qabul qilishdan tortib, to ularning kasallik, tashxis va davolash xaritalarini yuritishgacha bo‘lgan tibbiy xizmat jarayonini elektron tarzda hisobga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezidentimizning 2021 yil 5 maydagi «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida» gi farmoni talablaridan kelib chiqib, G‘ijduvon tumani tibbiyot muassasalariga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yana 150 ta zamonaviy kompyuter jamlanmasi ajratildi. Tumandagi tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan shifokor va hamshiralarning ish yuritishlarida qulay zamonaviy texnologik imkoniyatlar yaratildi.
Zarif Komilov, O‘zA