Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy xizmat koʻrsatishni tubdan isloh qilish vaqti keldi
19:12 / 2020-01-27

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi diqqat bilan tingladik.


Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi diqqat bilan tingladik. Yurtdoshlarimiz Murojaatnomadan kelajagimizga daxldor koʻplab muhim yangiliklarni kutayotgan edi va kutilganidan ziyoda oliy maqsadlarni qamrab olgan dasturilamalga ega boʻlinganiga guvoh boʻldi. Bu hayotbaxsh, inson manfaatlari ustuvor boʻlgan murojaatnomada islohotlarning hayotimizdagi ahamiyati yanada yorqinroq tarzda ochib berildi va bu jarayonda har bir soha kishisidan masʼuliyat talab etilishi alohida taʼkidlandi.

Murojaatnomada sogʻliqni saqlash sohasi, undagi mavjud muammo va ularning yechimiga mufassal toʻxtalgani biz tizimning kattayu kichik vakillarini birdek quvontirdi. “Shifokorlarimizning ham obroʻini oshirishimiz kerak boʻladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ularga nisbatan boʻlayotgan zoʻravonliklarni koʻrib qolamiz. Bu bizning mentalitetimizga umuman toʻgʻri kelmaydigan holat, buni hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Shuning uchun shifokorlarning maqomini, obroʻini oshirishimiz shart. Xuddi oʻqituvchilarga qilganimiz kabi shifokorlarga ham munosib mehnat sharoiti yaratish uchun amaliy ishlar qilishimiz lozim”, dedilar davlatimiz rahbari murojaatnomada. Bu soʻzlar nafaqat hamkasblarimizning koʻngliga xotirjamlik bagʻishlaydi, balki kasbiga boʻlgan hurmatini oshirib, shijoatga undaydi.

Murojaatnomada, shuningdek, joriy yilda davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobar koʻp yoki qariyb 1,5 trillion soʻm ajratilgani, 281 ta tibbiyot muassasasini qurish va taʼmirlashga byudjetdan 1,1 trillion soʻm sarflangani eʼtirof etib oʻtildi. Bu koʻrsatkichlarga Namangan viloyati sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning amaliy ijrosi munosib hissa boʻlib qoʻshilganini taʼkidlash bizga mamnuniyat bagʻishlaydi.

Murojaatnoma oldimizga muhim vazifalarni ham qoʻyib berdi. Kelgusida 17 ta ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot muassasasini boshqarishda zamonaviy menejment joriy etiladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, sogʻlom raqobatni kuchaytirish, birinchi navbatda, ixtisoslashgan tibbiyot markazlariga xorijiy investorlarni jalb etish choralari koʻriladi. “Gematologik va virusologik yordam sifatini oshirish, bu turdagi davolash qiyin boʻlgan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatishni tubdan isloh qilish vaqti keldi. Qon va virusli kasalliklarni barvaqt aniqlash, davolash uchun malakali gematolog, virusolog va immunolog tayyorlash, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablagʻlarni koʻpaytirishimiz zarur”, dedi Prezidentimiz oʻz murojaatnomasida.

Jumladan, sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida bu yil majburiy tibbiy sugʻurtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish boʻyicha barcha tashkiliy choralar ishlab chiqiladi. Aytib oʻtilganidek, ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanadi. Dori vositalari harakatini nazorat qilish, kontrafakt mahsulotlar aylanishiga chek qoʻyish va dorilarning real narxini “onlayn” tartibida kuzatib borish tizimini yaratish ham dolzarb vazifalar sifatida taʼkidlandi.

Koʻrinib turibdiki, “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deya nom berilgan 2020-yilda tibbiyot sohasida ulkan hayotbaxsh islohot va oʻzgarishlar amalga oshiriladi. Bularning barchasi xalqimizning oʻz hayotidan rozi, farovon va sogʻlom umr kechirishi, shu asnoda jamiyat ravnaqiga ulush qoʻshishidek qutlugʻ maqsad uchun. Albatta, butun kuch-salohiyatimiz, bilim va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda bu vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirilishiga erishamiz.

Solijon MOʻMINOV,
Namangan viloyati Sogʻliqni saqlash
boshqarmasi boshligʻi