Kechagina edi, qon tomirlarga stend qo‘yish uchun xorijiy davlatlarga borar edik. Bugunchi?
Abdurasul Azimov Tojikistonda yashaydi. Oyoqlari og‘riq berdi. Oxir -oqibat yurolmay qoldi. Tizza, tos bo‘g‘im suyaklari yemirilgan, deyishdi shifokorlar. Shunda bemor O‘zbekistonga, Beshariq tumanining Yakkatut qishlog‘idagi “Ixlos” klinikasiga jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun keldi. Xa, siz to‘g‘ri eshitdingiz. Toshkent shahriga emas, hatto Farg‘onaga ham emas. Viloyat markazidan 150 kilometr uzoqlikdagi Beshariq tumanining Yakkatut qishlog‘iga davo izlab keldi tojikistonlik bemor.

–Men Tojikistondanman, –deydi bemor Abdurasul Azimov. –To‘rt oy avval o‘ng tizzamni davolatdim. Ilgari yura olmas edim. Bugun chap tizzam operatsiya qilinadi.


Shu qishloqda tug‘ilib, voyaga yetgan Salohiddin Aslonbekov mohir jarroh bo‘lib yetishdi. Uni mamlakatning nufuzli shifoxonalariga ishga taklif etdilar. Lekin Salohiddin o‘zining qadrdon qishlog‘ida tibbiy xizmatni rivojlantirishni afzal ko‘rdi. “Ixlos” klinikasiga asos soldi. Shogirdlar tayyorladi. Zamonaviy tibbiy texnik vositalar olib keldi. Jarrohlikda eng og‘ir va nozik amaliyotlarga ham qo‘l urdilar. Mana endi “Ixlos” ovozasi boshqa viloyatlar, hatto qo‘shni davlatlarga ham yetdi. 2025 yilning o‘zida 30 mingdan ortiq bemorga ambulator va statsionar xizmat ko‘rsatildi. Tibbiy sug‘urtani birinchilardan bo‘lib amaliyotda qo‘lladi. Tibbiy xizmat eksportida esa viloyatda eng yuqori o‘ringa ko‘tarildi.


–Tojikistonning 3 mingga yaqin fuqarolari bizda tibbiy muolajani oldi. 600 tasi yotib davolandi. Ularning aksariyatida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi, –deydi “Ixlos” klinikasi bosh shifokori Salohiddin Aslonbekov.
“Ixlos”da davolanayotganlar undagi malakali xizmatga ishonadilar. Shuning uchun boshqa yurt, viloyat va tumanlardan ham shu yerga kelishadi. Mamlakatxon Mahkamovaga o‘zi yashash joyida sinib maydalanib ketgan oyoq suyaklarini tiklab bo‘lmaydi, deyishgan. Shunda uni Yakkatut qishlog‘iga olib keldilar.


–Yiqilib tushdim. Shu yerda shifokorlar oyoq suyaklarini qayta terib joyiga qo‘ydilar. Hozir yaxshiman.
–Bemor yiqilganda son suyagining quyi qismi maydalanib ketgan, –deydi Salohiddin Aslonbekov. –Uni six tortmada qayta tikladik. 30 santimetrli plastinka qo‘ydik. Ilgari gips qo‘yar edik. Endi yangicha usul qo‘lladik. Bemor ertagayoq oyoqqa turadi.
Yemirilgan tizza, tos suyaklarini kesib olib tashlash, o‘rniga sun’iy suyak va oshiq-moshiqlar o‘rnatishning haddini olgan Salohiddin Aslonbekov va uning shogirdlari rejalari katta. Bu yil tirsak, yelka, bel bo‘g‘imlarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazishmoqchi.
–Buning uchun mutaxassislarimiz yanvar oyida Amerikada, aprel oyida Italiyada, may oyida Germaniyada malaka oshirib keladi, –deydi bosh shifokor.
Ha, shu yerda fidoyilik ko‘rsatib taniqli shifokor bo‘lgan mutaxassislar Amerika, Yevropa tajribasini Yakkatut qishlog‘ida muvaffaqiyat bilan amalga oshirishyapti. Tibbiy xizmat eksporti hajmi ortganining boisi ham aslida shunda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TqlozBrmIxI" title="Tibbiy xizmat eksporti oshmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA