Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashdi
16:04 / 2026-01-26

Davlat rahbarining 2025 yil 6 martdagi «Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, Sirdaryo tumanining “Sholikor” mahallasida 1978 yilda qurilgan va 1999–2025 yillarda qishloq vrachlik punkti sifatida faoliyat yuritib, ayni vaqtda 1-son oilaviy poliklinika sifatida xizmat ko‘rsatgan muassasaning “1” raqamli filiali ish boshladi.

Qariyb 3 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatuvchi yangi filialda 1 nafar shifokor va 5 nafar malakali hamshira faoliyat yuritadi. Barcha zaruriy tibbiy jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, muassasada 4 nafar bemor uchun mo‘ljallangan statsionar davolanish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lib, qisqa muddatli davolanish va tibbiy kuzatuv imkoniyati ham mavjud.

Poliklinika filialida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi. Endi aholi uchun yorug‘, keng va qulay shart-sharoitlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Yangi filial nafaqat kundalik qabul va profilaktika xizmatlarini ta’minlaydi, balki qisqa muddatli statsionar davolanish va tibbiy kuzatuvni ham samarali tashkil etadi.

– Filialning ochilishi mahalla aholisi salomatligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, sifatli tibbiy xizmatni hudud aholisiga yaqinlashtiradi va mahalliy tibbiy infratuzilmani rivojlantirishda katta ahamiyatga ega, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Akromjon Azizqulov.

Bundan oldin aholi uzoq yo‘l bosib, “Sholikor” mahallasidagi  oilaviy poliklinikaga qatnar edi. Bu ayniqsa yozning jaziramasi, qish qirovli va yog‘ingarchilik kunlarida sezilarli qiyinchilik tug‘dirgan. Prezidentimizning mazkur qarori tufayli bu muammoga samarali yechim topildi. Endi aholi uzoq masofa bosmay, o‘z hududida yangidan ish boshlagan oilaviy poliklinikadan va unda mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari xizmatidan to‘liq bahramand bo‘ladi.

Yangi filial nafaqat kundalik qabul va profilaktika xizmatlarini ta’minlaydi, balki mahalliy aholiga qisqa muddatli statsionar davolanish va tibbiy kuzatuv imkonini ham taqdim etadi, bu esa tibbiy xizmat sifati va samaradorligini sezilarli oshiradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri