Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashayapti
15:52 / 2024-09-13

Davlatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash sohasiga bo‘lgan e’tibori tufayli birmuncha murakkab, shu vaqtga qadar xorijiy davlatlarda va poytaxtdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida amalga oshirilib kelingan yuqori texnologiyali davolash usullari Sirdaryo viloyati, uning olis va chekka hududlarida ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa, sog‘lig‘ida muammosi bor, davolanishga muhtoj bemorlarga yuqori texnologiyali tashxislash, davolash xizmatlarini ko‘rsatish imkonini bermoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyat filialida 19 nafar bemorda shu turdagi amaliyot o‘tkazilib, ularning umurtqa pog‘onasi shikastlanishi natijasida kelib chiqqan miya faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq yuqori texnologik transpedikulyar fiksatsiya amaliyoti bajarilib, orqa miya faoliyati tiklangan bo‘lsa, 62 nafar bemorning tizza bo‘g‘imida o‘tkazilgan artroskopik usuldagi kam invazivli amaliyot esa, ularni sog‘lom hayotga qaytarish imkonini berdi.

– Bundan tashqari, filialimizning malakali va yetakchi mutaxassislari tomonidan retrograd endoskopik pankreatoxolangiografiya amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi.– deydi Respublika shoshilinch yordam markazi Sirdaryo viloyat filiali direktori o‘rinbosari, davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor Sharofiddin Soatmuradov. – Buning natijasida o‘tdagi tosh kasalligining murakkab shakllari bilan kasallangan 10 nafar bemorda yuqori texnologik amaliyot bajarilib, ularning salomatlik ko‘rsatkichi saqlab qolindi.Eng asosiysi, bu turdagi yuqori texnologik davolash usullarini olis va chekka hududdagi tibbiyot muassasalarida ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish maqsadida filialimizning malakali va yetakchi mutaxassislari tomonidan mahorat darslari tashkil etildi. Natijada Sayxunobod, Boyovut, Oqoltin, Sardoba, Xovos tumanlari va Yangiyer shahar tibbiyot birlashmalarida shu turdagi amaliyotlar o‘tkazilib, 80 nafardan ortiq bemorga yordam ko‘rsatildi.

Mazkur muassasaga Jahon banki Shoshilinch tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasining 530 ming AQSH dollar miqdoridagi mablag‘i hisobiga keltirilgan va yaqinda ishga tushirilgan eng so‘nggi rusumdagi angiografiya apparati yordamida esa yurak koronar qon tomirlarida muammosi bor, shoshilinch tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlarning yurak koronar qon tomirlarida, uyqu arteriyasida va oyoq son arteriyalarida yuqori texnologik tekshiruvlarni o‘tkazish, qolaversa, rentgenendovaskulyar jarrohlik amaliyoti orqali zaruratga qarab bemorlarning yurak-qon tomiri va uyqu arteriyasida angioplastika va stentlash amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Bularning hammasi davlatimiz rahbarining sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan e’tibori, soha xodimlari uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar samarasidir. Bu esa, o‘z navbatida, tibbiyotni bemorlarga yaqinlashtirish barobarida aholining sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchi ortishiga xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri