English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tibbiy xizmat: aholi roziligi – asosiy maqsad
09:41 / 2022-03-01

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektor rolini yanada oshirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirish imkonini berdi.

Sohadagi hujjatlar tibbiy xizmat ko‘lamining yanada oshishi, davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari o‘rtasida raqobat muhiti vujudga kelishiga sabab bo‘lib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turi ortishida muhim huquqiy asos bo‘ldi.

Muhimi, xususiy tibbiyot muassasasi davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod etildi. Bu esa, qishloq va olis tumanlarda xususiy tibbiyotni jadal rivojlantirish imkonini berdi.

O‘tgan 2021 yilda faoliyat boshlagan 22 ta xususiy tibbiyot muassasa hisobiga, Sirdaryoda faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy tibbiyot muassasalari soni 114 taga ortdi. Mazkur muassasalarning 87 tasida ambulator, 27 tasida esa aholiga statsionar sharoitda tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yildi.

Keltirilgan, 4 ta MRT, 5 ta MSKT, 1 ta KT, 8 ta raqamli rentgen apparati, 38 ta UTT apparati va 14 ta laparoskop va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hisobiga muassasalar imkoniyati yanada kengaydi.

– Xususiy tibbiyot muassasalari bilan xorijiy klinikalar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi, – deydi Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Abduvali Shamatov. – Yangiyer shahridagi “Astro-Neyromed” mas’uliyati cheklangan jamiyat chet el investitsiyasi hisobiga o‘z faoliyatini kengaytirgan bo‘lsa, “Medikal Tehnologies Corporation LLP” Buyuk Britaniyadan keltirilgan kompyuter tomografiya hisobiga faoliyat turini kengaytirdi.

Sirdaryo tumanidagi “SIRDARYO-GRAND-MED” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 140 ming dollar miqdorida investitsiya kiritildi va Xitoy davlatidan tibbiy radiologiya (MSKT) uskunalari keltirildi. Shirin shahridagi “Asadbek Shoxrux Hamkor” xususiy korxonasiga Xitoy xalq Respublikasidagi "China gezhouba proup international engineering cen" korxonasi tomonidan kiritilgan 451 million 500 ming so‘m miqdorida investitsiya hisobiga “03” tez tibbiy yordam xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan, davlat va xususiy sektor kun sayin rivojlanib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari va sifati ortib boryapti.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA