Mahalliy korxonalar tomonidan tibbiy texnika ishlab chiqarish va uni qayta ishlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona mas’ul xodimlari aholiga sifatli bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri “Nukus Med Tex” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining faoliyati va eksport salohiyati bilan tanishishdi.

Korxona tomonidan yiliga 250 million dona bir marta ishlatiladigan tibbiy buyumlar, ya’ni 12 turdagi shprits va infuzion sistemalar ishlab chiqarilmoqda. Bugungi kunga kelib korxona tomonidan qiymati 54 ming AQSH dollari bo‘lgan 12 tonna mahsulot eksportga yo‘naltirilgan. Korxonaga esa chetdan 168 tonnagacha, qiymati 522 ming AQSH dollari miqdoridagi xomashyo import rejimida olib kelinib, qayta ishlanmoqda.
Tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 2 sentyabrda qabul qilingan “Tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashni yanada soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida, bojxona rejimida joriy etilib, soddalashtirilgan tartib va uning afzalliklari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Bu esa bir tomondan, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini qisqartirsa, ikkinchi tomondan mahsulot narxini arzonlashtirib, aholi uchun kengroq imkoniyat yaratadi. Shuningdek, qayta ishlash rejimi orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar xalqaro standartlarga javob berishi va eksport salohiyatini oshirishi kutilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri